08 Sentyabr 2022

12-13-sentabr kunlari Latviyada «Made in Uzbekistan» biznes missiyasi bo‘lib o‘tadi

Oʻzbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni qoʻllab-quvvatlash agentligi mamlakatimizning Latviyadagi elchixonasi koʻmagida 12-13-sentabr kunlari Riga shahrida ilk bor “Made in Uzbekistan” biznes missiyasini tashkil etadi. Bu haqida «Dunyo» axborot agentligi muxbiri xabar bermoqda.

Latviya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi muhim hamkorlaridan biri bo‘lib, ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama hamkorlikning ko‘p qirrali rivojlanishini doimiy qo‘llab-quvvatlaydi.

2021-yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi hajmi 116 million AQSH dollarini, jumladan, eksport – 49,3 million dollar, import – 66,7 million dollarni tashkil etdi.

O‘zbekistonning Boltiqbo‘yi davlatlari va Yevropa Ittifoqi tadbirkorlari bilan turli sohalarda hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligining tasdig‘idan biri O‘zbekiston kompaniyalarining “RIGA FOOD 2022” yirik oziq-ovqat ko‘rgazmasida, shuningdek, Evropa mamlakatlarida o’tkaziladigan boshqa ko’rgazma va yarmarka tadbirlarida muvaffaqiyatli ishtiron etganligidir.

Ishbilarmonlik missiyasining asosiy maqsadi aloqalarni yanada mustahkamlash, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini oshirish va O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi hamkorlikning yangi istiqbollarini ochishdan iborat. Bundan tashqari, tadbir mamlakatimizning sayyohlik salohiyati va madaniy merosini namoyish etishga qaratilgan.

Savdo missiyasi delegatsiyasi tarkibida qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, vino-aroq, toʻqimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika, kimyo, metallurgiya kabi sohalardagi mahalliy tadbirkorlikning eksportga yoʻnaltirilgan 46 subʼyekti hamda yirik uyushmalar vakillari ishtirok etmoqda.

Ishbilarmonlik missiyasi doirasida mamlakatimizning sanoat tarmoqlarining eksport imkoniyatlari, investitsion salohiyati va turistik jozibadorligi taqdimotlari oʻtkaziladi, unda Latviya ishbilarmon doiralari vakillari Oʻzbekistonning joriy iqtisodiy rivojlanishi haqida tasavvurga ega boʻladilar, shuningdek, O‘zbekiston korxonalari mahsulotlari bilan tanishishlari mumkin.

Ishbilarmonlik missiyasi doirasida B2B muzokaralari boʻlib oʻtadi, unda oʻzbek kompaniyalari Latviya bozorining asosiy xususiyatlari, hamkorlik tajribasi va Boltiqboʻyi va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga turli sanoat tarmoqlaridan mahalliy mahsulotlar yetkazib berish boʻyicha hamkorlik yoʻnalishlari bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻladi.