15 Noyabr 2022

ACWA Power O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirmoqda

Joriy yilning 15-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev Saudiyaning ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayan bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha sarmoyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan uchrashuvi bo’lib o’tdi.

Xususan, tomonlar Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi negizida quvvati 1500 MVt bo‘lgan kombinatli issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish jarayonini, shuningdek, Buxoro viloyatida 500 MVt quvvatga ega ikkita shamol elektr stansiyalarini qurishga tayyorgarlik ko‘rishni o‘rgandi. Belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlar ko‘rish va barcha loyihalarni qisqa muddatlarda foydalanishga topshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Investitsion hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, xususan kompaniya tomonidan O‘zbekistonda yangi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shu nuqtai nazardan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida quvvati 1,5 GVt gacha bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha yangi investisiya loyihalarini ishlab chiqish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Qayd etilishicha, mazkur loyihalar O‘zbekiston hukumatining shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasi hajmini 2030-yilgacha 3 GVtga yetkazishga qaratilgan mamlakat energetika balansini diversifikatsiya qilish dasturining bir qismidir. Ushbu loyihalar, shuningdek, uglerod chiqindilarini yiliga 1,6 million tonnaga qisqartirishi va shu orqali 2031-yilga qadar mamlakat energiya quvvatining 40 foizini qayta tiklanadigan energiya manbalariga aylantirish maqsadiga hissa qo’shishi kutilmoqda.

Muzokaralar yakunlari boʻyicha qoʻshma loyihalarni jadal amalga oshirish, yangi kelishuv va tashabbuslarni ishlab chiqishga har tomonlama koʻmaklashish boʻyicha oʻzaro majburiyat bildirildi.