07 Noyabr 2022

“O‘zbekneftgaz” AJ 507,4 million dollarlik shartnomalar imzoladi

Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan II Oʻzbekiston iqtisodiy forumi doirasida “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati xalqaro kompaniya va tashkilotlar bilan umumiy qiymati 507,4 million AQSh dollarilik shartnomalar imzoladi.

O‘zbekiston iqtisodiy forumi doirasida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev rahbarligida qator xalqaro tashkilotlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar o‘z samarasini berib, shartnomalar imzolanib, tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishdi.

Xususan, Forumning ikkinchi kunida Barclays (Buyuk Britaniya), CITI (AQSh), Santander Bank (Ispaniya) va Xaldor Topsoe (Daniya) vakillari bilan muzokaralar olib borildi.

«Barclays» xalqaro bankining savdo bo‘yicha direktori I.Nikitin bilan investisiya loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Bundan tashqari, 200 million dollargacha mablagʻ jalb etish taklifi bildirildi va oʻzaro fikr almashildi.

Forumda “Xaldore Topsoe” kompaniyasi bilan oltingugurt chiqindilarini qayta ishlash texnologiyalarini ishlab chiqish va litsenziyalash bo‘yicha memorandum imzolandi.

Shuningdek, neft va gazni qayta ishlash korxonalari bilan hamkorlik qiluvchi “Honeywell UOP” xalqaro kompaniyasi vakillari bilan 6,1 million dollarlik shartnoma imzolandi.

Gas Turbines Engineering kompaniyasi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida gaz turbinali dvigatellarni kapital ta’mirlash bo‘yicha 1,3 million dollarlik shartnoma imzolandi.

MUFG bank vakili bilan uchrashuv va muzokaralar natijalari ijobiy yakunlandi. “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar va turli korporativ ehtiyojlarni moliyalashtirish masalasi MUFG bank tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.

Natijada “O‘zbekneftgaz” AJ va “MUFG Bank” o‘rtasida 500,0 million AQSh dollari miqdorida shartnoma imzolandi.