11 May 2022

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi Dehli shahrida Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi rahbariyati va aʼzolari bilan uchrashdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov kecha Dehli shahrida Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi (FICCI) rahbariyati va aʼzolari bilan uchrashdi.

Tadbir doirasida O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Hindiston iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biri bo‘lgan, ulushiga jahon dori-darmon mahsulotlarining qariyb 10 foizi to‘g‘ri keladigan farmatsevtika sohasida qo‘shma mahsulot ishlab chiqarish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda tashkil etilayotgan farmatsevtika erkin iqtisodiy zonalarida investorlarga taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar haqida atroflicha so‘zlab berildi.

Taqdimot ishtirokchilari O‘zbekistonda iqtisodiyotni yana-da liberallashtirish va biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlarni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar Hindiston ishbilarmon doiralarida katta qiziqish uyg‘otayotganini taʼkidladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston rahbariyati tomonidan xorijiy investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilayotgan ulkan eʼtibor alohida qayd etildi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha Hindistonning qator kompaniyalari bilan qo‘shma investitsiya loyihalarini, xususan, farmatsevtika, to‘qimachilik, AKT va boshqa sohalar, shuningdek, ikki tomonlama savdo aloqalarini yana-da ilgari surish maqsadida ularning vakillarining respublikaga tashriflarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi 1927 yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatdagi eng yirik va eng qadimgi biznes tashkilotlaridan biri hisoblanadi. FICCI, shuningdek, Hindiston-Markaziy Osiyo biznes kengashining muvofiqlashtiruvchisi hisoblanadi.