17 Aprel 2022

“Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti hamkorlik uchun samarali platformadir

Joriy yilning 15-aprel kuni videokonferensiya shaklida «Markaziy Osiyo + Yaponiya» Muloqoti tashqi ishlar vazirlarining 8-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Yaponiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston hukumatlari vakillari va tashqi ishlar idoralari rahbarlari ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi nomidan yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov qatnashdi.

Ushbu platformaning asosiy vazifalari siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, Yaponiya va yapon kompaniyalarining Markaziy Osiyodagi mavqeini mustahkamlash, mintaqa davlatlari bilan madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirishdan iborat. Ko‘p tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari siyosiy muloqot, mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish, biznesni qo‘llab-quvvatlash, intellektual muloqot, madaniy aloqalarni mustahkamlash va inson kapitali almashinuvidir. Shuningdek, muloqot doirasida mintaqada terrorizm va narkotrafikka qarshi kurashish, mintaqaviy xavfsizlik, qishloq xo‘jaligi, suv-energetika resurslari, transport va logistika, atrof-muhitni muhofaza qilish, turizm, savdo va investisiyalarni ko‘paytirish sohasidagi hamkorlik masalalari ishlab chiqilib kelishib olinmoqda.

Yig‘ilish kun tartibida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar, xususan, COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish, chegara nazoratini kuchaytirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda ishtirok etgan mamlakatlar vakillari o‘z chiqishlarida Yaponiya bilan hamkorlikning bugungi holati to‘g‘risida so‘zlab berdilar, o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridagi dolzarb masalalarni belgilab oldilar, shuningdek, munosabatlarni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdilar.

S.Umurzakov uchrashuv ishtirokchilariga murojaat qilib, O‘zbekiston hamkorlikni faollashtirish va Muloqot kun tartibini kengaytirishga tayyorligini ta’kidladi. U O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi 30 yillik hamkorlik natijalarini sarhisob qildi, shuningdek, Muloqot doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish nuqtai nazaridan eng muhim yo‘nalishlar, jumladan, Yaponiyaning ilg‘or tajribasini joriy etish, qo‘shma farmasevtika klasterlari va ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot muassasalarini tashkil etish orqali yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, transmilliy va uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik, kiberjinoyatchilik va boshqa xavfsizlik muammolariga qarshi kurashish hisobiga barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, transport yo‘laklarini diversifikasiya qilish, yangi temir va avtomobil’ yo‘llarini qurish va havo transporti salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, raqamli iqtisodiyot va elektron tijoratni rivojlantirish, Yaponiya texnologiyalari va nou-xaularini joriy qilish, «yashil iqtisodiyot»ni ilgari surish, iqlim o‘zgarishi jarayonlarini to‘xtatish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha chora-tadbirlar o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

O‘zbekiston tomoni kelgusida amalga oshirish uchun bir qator yangi tashabbuslarni ham ilgari surdi, jumladan Yaponiyaning «Bir qishloq – bitta mahsulot» dasturi asosida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qo‘shma dasturni ishlab chiqish, «Markaziy Osiyo uchun «Yashil kun tartibi» mintaqaviy dasturini ilgari surish, IT sohasida o‘qitish va malaka oshirish xizmatlari bilan mintaqa qamrovini kengaytirish va qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish maqsadida 2020-yilda Toshkent shahrida tashkil etilgan Yaponiya raqamli Universitetini Markaziy Osiyo raqamli universitetiga aylantirish va boshqa istiqbolli g‘oyalarni bildirdi.

Tadbir yakunida Yaponiya tomoni Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ikki va ko‘p tomonlama muloqotni kengaytirish orqali mintaqaning barqaror rivojlanishiga yanada hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi.