29 May 2022

O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari birjada tashqi savdo hajmini oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishlarni faollashtirmoqda

Kecha Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi (O‘zRTXB) raisining o‘rinbosari Nabixon Samatov va mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchilari ishtirokida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida tovar-xomashyo birjasidagi savdolar hajmini oshirish, ularda mahalliy va xorijiy korxonalar ishtirokini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida o‘tkazildi.

Diplomatlar uchun O‘zRTXB faoliyati, onlayn savdo maydonchasi, uning infratuzilmasi va xalqaro hamkorlar ishtirokidagi ishlarni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, respublikada xorijiy brokerlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarga bag‘ishlangan taqdimot tashkil etildi.

Bugungi kunga qadar xorijiy mamlakatlarda, jumladan, diplomatik vakolatxonalarimiz ko‘magida O‘zRTXBning 20 ta savdo maydonchasi mavjud bo‘lib, ular orqali joriy yilning to‘rt oyida 170 million AQSH dollariga teng mahsulot sotilgan. Shu bilan birga, O‘zbekiston fond birjasida 1,2 mingdan ortiq xorijiy kompaniyalar o‘z mahsulotlarini namoyish qila boshladi.

Shu munosabat bilan O‘zRTXB platformasidagi xorijiy ishtirokchilar ulushini, shuningdek, birjalararo bitimlarni ko‘paytirishda xorijdagi diplomatik muassasalarning rolini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonalari bilan yangi tashqi savdo maydonchalarini ochish, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beruvchi yirik kompaniyalarni jalb etish boʻyicha hamkorlikda ish olib borish muhimligi qayd etildi.

Tadbir yakunida O‘zRTXB va O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari o‘rtasida yaqin hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.