20 Oktyabr 2022

BAAning DP World kompaniyasi O’zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda

Joriy yilning 20-oktabr kuni O’zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida DP World kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo’lib o’tdi. Unda kompaniyaning mamlakatimizdagi infratuzilmaviy rivojlanish, logistika va elektron tijorat sohasidagi bir qator investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etish istiqbollari ko’rib chiqildi.

Muzokaralar davomida DP World vakillari O’zbekistonning investitsiyaviy muhiti, xorijiy investorlar uchun joriy qilingan imtiyoz va preferensiyalar hamda ularning faoliyati kafolatining me’yoriy – huquqiy bazasi bilan batafsil tanishdilar. Transport-logistika xizmatlarini ko’rsatish, jumladan, transport-logistika markazlarini yaratish va logistika jarayonlarini optimallashtirish bo’yicha xizmat ko’rsatish, shuningdek, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish kabi yo’nalishlar O’zbekistonda kompaniyaning samarali faoliyati uchun eng jozibali va ustuvor yo’nalishlar sifatida ko’rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida kompaniya vakillari Toshkent viloyatida zamonaviy logistika markazini qurishga qiziqish bildirishdi, o’z navbatida vazirlik rahbariyati qo’shma loyihalarni amalga oshirishni har tomonlama qo’llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi.