20 Avgust 2022

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Hindiston Bosh vaziri maslahatchisi o‘rinbosari bilan uchrashdi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Hindiston Respublikasi Bosh vazirining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Vikram Misri bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar beradi “Dunyo” muxbiri.

TIV xabariga ko‘ra, tomonlar O‘zbekiston-Hindiston strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishda erishilgan siljish ikki davlat rahbarlarining maxfiy muloqoti va amaliy sa’y-harakatlari tufayli erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Vikram Misri Hindiston hukumatining mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yo‘nalishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi, Nyu-Dehli O‘zbekiston bilan ikki tomonlama darajada va «Hindiston-Markaziy Osiyo» formatidagi hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda faollashtirishga tayyorligini ta’kidladi. 

O‘zbekiston tomonining Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari yuqori baholandi, bu tarixan yaqin bo‘lgan ikki mintaqaning ulkan savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport va tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Dunyo va mintaqadagi bugungi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. Vikram Misri O‘zbekiston tomonidan Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish, bu mamlakatda uning iqtisodiyotini tiklashga qaratilgan infratuzilma, transport va energetika loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan faol qadamlarni olqishladi.

Xalqaro institutlar orqali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida bo‘lib o‘tadigan tadbirlarning tashkiliy jihatlariga alohida e’tibor qaratildi. Hindiston delegatsiyasi O‘zbekistonning ShHTga raisligining ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligi haqida ma’lum qildi.