22 May 2022

O‘tgan uch oyda 50,1 trillion so‘m investitsiya o‘zlashtirildi

2022-yilning yanvar-mart oylarida asosiy kapitalga kiritilgan 50,1 trillion so‘m investitsiyalar o‘zlashtirilgan, deb ma’lum qildi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti.

Bu 2021-yilning mos davridagiga nisbatan 26,6 foiz ko‘p bo‘lib, YAIMning 30,8 foizini tashkil etdi.

Investitsiyalarning asosiy qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri, kafolatlanmagan xorijiy investitsiyalar va kreditlar (43,2 foiz), korxona va aholi mablag‘lari (38,3 foiz) hisobidan moliyalshtirildi. 
Hukumat kafolati ostidagi xorijiy kreditlar 38,4 foizga qisqartirilganiga qaramay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, boshqa xorijiy investitsiyalar va kafolatlanmagan xorijiy kreditlar hajmi 56,5 foizga keskin oshgani tufayli asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning 46,2 foizi tashqi resurslar hisobidan moliyalashtirildi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan investitsiyalarni moliyalashtirish hajmi 74,9 foizga qisqargani bois, davlat resurslarining asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarni moliyalashtirishdagi ulushi ham pasayib ketdi. 

Aholi mabalag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan investitsiyalar hajmi 3,4 foizga qisqargan bo‘lsada, korxona mablag‘lari va kreditlari hisobidan moliyalashtirilgan investitsiyalar hajmining ortishi ichki resurslar asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning eng yirik manbailigichaga qolishiga sabab bo‘ldi.