20 Aprel 2022

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi investisiyaviy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

Ar-Riyod shahrida Bosh vazir o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Saudiya Arabistoni Podshohligi investisiyalar vaziri Xolid al-Falih bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi investisiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda Saudiya Arabistoni kapitali ishtirokidagi 40 ga yaqin korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Saudiya Arabistonining “ACWA Power”, “Al-Habib Medical Group” va boshqa yetakchi kompaniyalari bilan loyihalar muvaffaqiyatli hayotga tatbiq etildi va amalga oshirishda davom etmoqda. Shu bilan birga, investisiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun foydalanilmagan imkoniyatlarni hisobga olgan holda, tomonlar kimyo, metallurgiya, tog‘ – kon va to‘qimachilik sanoati, shuningdek, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar va ushbu loyihalarda ishtirok etish uchun O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralari vakillarini jalb qilish yuzasidan birgalikda ishlashga kelishib oldilar.

Saudiya Arabistoni kompaniyalarining O‘zbekiston energetika sohasidagi muvaffaqiyatini yuksaltirish borasida navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi. Uchrashuv ishtirokchilari amalga oshirilayotgan loyihalarning hozirgi holatini tahlil qilib, ularni qisqa vaqda yakunlash va qurilayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish bo‘yicha takliflar almashdilar.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan loyihalarga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar qishloq xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarida innovasion va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishni nazarda tutuvchi alohida investisiya portfelini shakllantirishga kelishib oldilar. Shuningdek, to‘qimachilik sanoatidagi hamkorlik muhokama qilindi.

Suhbat chog‘ida joriy yil mart oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Savdo, iqtisodiyot, fan va texnologiyalar, madaniyat, sport va yoshlar sohasida kelishuvni nazorat qilish bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 5-yig‘ilishi hamda O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashining 3-yig‘ilishida erishilgan kelishuvlar ijrosi ham ko‘rib chiqildi. Shuningdek, kelishilgan loyiha va tashabbuslarni yanada faol ilgari surish yuzasidan bir qator masalalar ustida ish olib borildi.

O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni investisiyaviy sherikligini yanada kengaytirishni nazarda tutgan holda 2021 yilda Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda tashkil qilingan Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamg‘armasi hamda bugungi kungacha O‘zbekistonda ijtimoiy va infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirish uchun qariyb 200 million dollar ajratgan Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi imkoniyatlari qayd etildi. Tomonlar yuqorida qayd etilgan moliya institutlarining resurslarini jalb etgan holda yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ustida ish olib borishga kelishib oldilar.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro manfaatlar kesishuvining yangi nuqtalarini kashf etishga hamda o‘zaro manfaatli investisiyaviy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan keyngi qo‘shma harakatlar belgilandi.