27 Iyul 2022

Malayziyada boʻlib oʻtgan biznes-forumda Oʻzbekistonning investitsiyaviy va turistik salohiyati namoyish etildi

O‘zbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi vakillari Malayziya tadbirkor ayollar xalqaro assotsiatsiyasi (IWEAM) tomonidan tashkil etilgan biznes-forumda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.

2007-yilda tashkil etilgan IWEAM mamlakatda ayollar tadbirkorligini, jumladan, Malayziya hukumatiga tegishli takliflar kiritish orqali rivojlantirmoqda. Uyushma Janubi-Sharqiy Osiyo va Yevropadagi shu kabi tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.

2021-yilning 28-noyabr – 5-dekabr kunlari IWEAM prezidenti Noraziza Borxan boshchiligidagi kosmetika ishlab chiqarish, savdo, turizm, taʼlim va kinematografiya sohalarida faoliyat yurituvchi rahbariyati va aʼzolari Oʻzbekistonga tashrif buyurdi.

Biznes-forumda yig‘ilganlarga O‘zbekistonning sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati, xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston xalq hunarmandchiligi va milliy liboslari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Tadbir doirasida “Nurafshon” o‘zbek raqs guruhining madaniy dasturi namoyish etildi.

O‘z navbatida tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari va tadbirkorlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Biznes-forum yakunlari boʻyicha qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va eksport shartnomalarini tuzish imkoniyatlarini oʻrganish maqsadida joriy yilning 4-choragida Malayziya xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi aʼzolarining Oʻzbekistonga navbatdagi tashrifini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.