18 Sentyabr 2020

O‘zbekiston-Rossiya investisiya hamkorligini rivojlantirish istiqbollariga yangicha qarash

Joriy yilning 17 sentyabr’ kuni Toshkent shahrida Xalqaro biznes-markazi binosida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Rossiya tadbirkorlari va davlat tuzilmalari vakillaridan iborat biznes missiyasining rahbari sifatida O‘zbekistonda bo‘lib turgan “VEB.RF” Davlat taraqqiyoti korporatsiyasi raisi I.Shuvalov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi strategik sheriklikning yuqori darajasini ta’kidladilar va turli darajadagi ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish orqali iqtisodiy va investisiya hamkorligini yanada rivojlantirishga sodiq ekanliklarini bildirdilar.

Ma’lumot uchun: “VEB.RF” ko‘magi bilan bugungi kunda O‘zbekistonda energetika, metallurgiya, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi va transport sohalarida umumiy qiymati 3,5 mlrd yevroni tashkil etadigan 24 ta loyiha amalga oshirilmoqda va ishlab chiqilmoqda.

“VEB.RF” rahbariyati ikki mamlakat iqtisodiy hamkorligining ko‘p qirrali xususiyati va ishbilarmonlarning sherikligini mustahkamlash, ilg‘or sanoat texnologiyalarini joriy etish va barqaror kooperasion aloqalarini o‘rnatish uchun keng imkoniyatlarni ta’kidladi.

Uchrashuv davomida investisiya hamkorligini kengaytirishga va pandemiya sharoitida ikki mamlakat iqtisodiyotlarining birgalikda ishlash nuqtalarini aniqlashga qaratilgan muloqotni rivojlantirishga o‘zaro tayyorlik, shuningdek, yoqilg‘i-energetika, tog‘-kon, farmasevtika, mashinasozlik tarmoqlarida, shahar infratuzilmasi, turizm, axborot-kommunikasiya texnologiyalari va transportni rivojlantirish sohalarida yangi investisiya loyihalarini ishlab chiqish va kelishish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvdan so‘ng “O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining asosiy yo‘nalishlari va qo‘shma loyihalari» mavzusida O‘zbekiston-Rossiya davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar ishlab chiqilayotgan qo‘shma investisiyaviy loyihalarni, ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va biznes hamkorligini oshirish istiqbollarini muhokama qildi. Davra suhbatida Rossiya tomonidan Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi, “VEB.RF” Davlat taraqqiyot korporatsiyasi, “Rossiya eksport markazi» AJ, “BMB NRC AGROLOGISTICS”, “Silovie mashini”, “Rostex”, “Kamaz”, “Transmashxolding”, “MetProm”, “Uralmashzavod”, “Gazprombank” kabi Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbariyati va O‘zbekiston tomonidan – vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari rahbarlari va biznes vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida Rossiya va O‘zbekiston kompaniyalari o‘rtasida investisiyalar, texnologiyalar va sanoat kooperatsiyasi sohalaridagi hamkorlikning yuqori rivojlanish dinamikasi va ko‘lami ta’kidlandi, xususan, “Silovie mashini” AJ ayni paytda Sirdaryo va Farhod gidroelektrostansiyalari elektr bloklarini modernizasiya qilish loyihalarini amalga oshirmoqda va “Rostex” Davlat korporatsiyasi bilan birgalikda O‘zbekistonda mashhur “KAMAZ” yuk tashish avtomobillarini yig‘ish o‘zlashtirildi.

Davra suhbati davomida, shuningdek Rossiya biznes hamjamiyati vakillari o‘z kompaniyalarining texnologik va investisiyaviy salohiyati haqidagi ma’lumotlarni taqdim etib, O‘zbekistonda faoliyatni rivojlantirish istiqbollari haqidagi tasavvurlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Energetika, qishloq xo‘jaligi logistikasi, metallurgiya, transport va ta’lim sohalarida aniq loyihaviy takliflarni ishlab chiqishda hamkorlikni yanada kuchaytirish mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi. Eng ustuvor tarmoqlar va sohalarda aniq kelishuvlarga erishishga qaratilgan amaliy harakatlar sheriklar tomonidan kelishib olindi.

Davra suhbati yakunida “VEB.RF” Davlat taraqqiyot korporatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi “Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki” AJ o‘rtasida Rossiya Bankining moliyaviy xabarlar uzatish tizimida elektron xabarlar bilan almashish shartlari to‘g‘risida Bitim, hamda “VEB.RF” Davlat taraqqiyot korporatsiyasi va “KAMAZ ASIA LEASING” MChJ QK o‘rtasida “KAMAZ” markali avtomobil’ va maxsus texnika sotib olishni moliyalashtirish uchun kredit shartnomasi kredit shartnomasi imzolandi.

Ma’lumot uchun: “VEB.RF” Davlat taraqqiyot korporatsiyasi 1922 yilda tashkil etilgan. Ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirish, modernizasiya va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga ko‘maklashadigan, 51 mlrd dollar aktivlarga ega bo‘lgan Rossiyaning eng yirik rivojlanish instituti hisoblanadi.