13 Iyun 2022

Jenevada JSTning 12-Vazirlar konferensiyasi o‘z ishini boshladi

Joriy yilning 12-15-iyun kunlari Jenevada (Shveysariya) Jahon savdo tashkiloti (JST) oliy boshqaruv organining yig‘ilishi – JSTning 12-Vazirlar konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirda JSTga a’zo mamlakatlar va kuzatuvchi davlatlar savdo vazirlari hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etmoqda.

Shu yilning 12-iyun kuni dastur doirasida ochilish marosimi va yalpi majlis bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirlarda ko‘p tomonlama savdo tizimining dolzarb masalalari, shu jumladan koronavirus pandemiyasi oqibatlariga qarshi kurashish, turli xil COVID-19 shtammlariga qarshi vaksinalar ishlab chiqarishda Intellektual mulk huquqlarining savdo bilan bog‘liq jihatlari to‘g‘risidagi bitim qoidalari (IMHSJ)ni qo‘llashdan voz kechish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, baliqchilik subsidiyalarini optimallashtirish, JST faoliyatini isloh qilish va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Vazirlar konferensiyasidagi onlayn nutqida Bosh vazir o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov JSTning koronavirus pandemiyasi oqibatlariga qarshi kurashish, oziq-ovqat inqirozini hal qilish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va ko‘p tomonlama savdo tizimini mustahkamlashdagi muhim rolini ta’kidladi.

2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot Strategiyasi doirasida O‘zbekiston tashqi iqtisodiy siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida JSTga a’zo bo‘lishining mutlaq ustuvorligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini, jumladan, joriy yilning 21-22-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Tashkilot ishchi guruhining 5-yig‘ilishida faol ilgari surishga tayyorlik bildirildi.

Shuningdek, Vazirlar konferensiyasi doirasida O‘zbekiston raisligida JSTga kirayotgan mamlakatlar norasmiy guruhining (IGAG) delegasiyalari rahbarlari – vazirlar darajasidagi navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uning davomida Tashkilotga qo‘shilayotgan mamlakatlarning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar jarayonida nomzod mamlakatlar duch kelayotgan asosiy muammo va qiyinchiliklarni hal etish borasida to‘plangan amaliy tajriba va fikr almashildi.

Ma’lumot uchun: Vazirlar konferensiyasi JSTning oliy organi hisoblanadi. Vazirlar konferensiyasining yig‘ilishlari 1994-yil 15-apreldagi “Jahon savdo tashkilotini tashkil etish to‘g‘risidagi Marrakesh bitimining”4-moddasiga muvofiq har ikki yilda yoki undan tezroq vaqt davomida o‘tkaziladi. Bugungi kunga kelib 11 ta konferensiya o‘tkazildi.