20 Avgust 2022

O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 19-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev Latviya hukumati delegatsiyasi tashrifi doirasida mamlakatimizga kelgan Latviya Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Kaspars Gerxards bilan uchrashdi.

Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasida qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, investitsiya, savdo, transport va logistika va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Tomonlar qishloq xo‘jaligi sarmoyaviy sheriklikni yanada kengaytirish uchun harakatlantiruvchi kuch bo‘lishi, shuningdek, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga hissa qo‘shishi mumkinligiga kelishib oldilar.

Tomonlar O‘zbekistonning 50 ta eksportyor kompaniyasi vakillari ishtirokida Latviyada “Made in Uzbekistan” savdo missiyasi faoliyatini tashkil etish istiqbollarini muhokama qildilar. Missiya davomida O‘zbekistonning oziq-ovqat, kimyo, to‘qimachilik, charm, vinochilik, farmatsevtika va turizm sanoatidagi ishlab chiqarish va eksport salohiyati namoyish etiladi. Bundan tashqari, oʻzbekistonlik tadbirkorlar Boltiqboʻyi mamlakatlari ishbilarmon doiralari vakillari bilan B2B muzokaralarida, “Riga Food 2022” xalqaro oziq-ovqat koʻrgazmasida va Riga shahrida boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston-Latviya biznes forumida ishtirok etadi.

Tomonlar o‘zaro manfaatli ikki tomonlama hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlariga ham e’tibor qaratdilar. Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, axborot texnologiyalari va oliy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasida oziq-ovqat mahsulotlarini organik va sertifikatlashtirish, shuningdek, parranda va baliqni qayta ishlash bo‘yicha muntazam tajriba almashish ham yaqin istiqboldagi hamkorlik rejalaridan iborat.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ko‘rib chiqilgan loyiha va tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar.