14 Oktyabr 2022

O’zbek – Qirg’iz ko’p qirrali hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 12-oktabr kuni O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Qirg’iziston Respublikasining O’zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Muso Jamanbayev bilan uchrashdi.

Suhbat davomida ko’p qirrali o’zbek – qirg’iz hamkorligining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari ko’rib chiqildi.

Sanoat kooperatsiyasining yangi istiqbolli qo’shma loyihalarini ishlab chiqish, savdo shartnomalarini tuzish, Bishkek shahrida ikki tomonlama hamkorlik bo’yicha Hukumatlararo qo’shma komissiyaning 10-yig’ilishi hamda ikki mamlakat hududlari rahbarlarini jalb qilgan holda biznes-forum o’tkazishga tayyorgarlik ko’rish maqsadida O’zbekiston Hukumati delegatsiyasining tashrifini tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko’rib chiqildi. Bugungi kunda O’zbekistonda qirg’iz kapitali asosida 291 ta korxona faoliyat ko’rsatmoqda. Tomonlar ikki mamlakat hududida to’qimachilik, farmatsevtika, qurilish, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasidagi qo’shma loyihalar sonini ko’paytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Shu nuqtai nazardan, 2022-2025 yillarga mo’ljallangan Savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturini, shuningdek, Qishloq xo’jaligi texnikasi va yengil avtomobillar ishlab chiqarishni tashkil etish to’g’risidagi Bitim hamda Dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasi sohasida hamkorlik to’g’risida Bitimni ishlab chiqish bo’yicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar shahar transporti sohasida 1,85 million dollarlik loyihani moliyalashtirishni boshlagan O’zbek – Qirg’iz taraqqiyot jamg’armasi faoliyatini muhokama qildilar. Jamg’arma mablag’larini jalb qilgan holda Qirg’izistonda yigiruv korxonasini tashkil etish loyihasini moliyalashtirish va travertinni birlamchi qayta ishlash loyihasini birgalikda amalga oshirishga kelishildi.

Gidroenergetika hamda transport va logistika sohalarida yirik qo’shma loyihalarni amalga oshirishning dolzarb masalalari alohida tartibda ko’rib chiqildi.

Suhbat yakunida muhokama qilingan yo’nalishlar doirasida muvaffaqiyatli hamkorlik qilish maqsadida birgalikda ish olib borishni davom ettirishga sodiqlik bildirildi.