14 Iyun 2022

Vetnam bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari B.Obidov Vetnam Sotsialistik Respublikasi Elchisi Dang Min Xoi bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Ikki davlat bozorlariga xaridorgir isteʼmol tovarlarini yetkazib berish hisobiga tovar ayirboshlash hajmini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar ishbilarmon doiralar vakillari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va bu orqali eksport-import salohiyatini oshirish maqsadida ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari va ularning korxonalari ishtirokida onlayn davra suhbatlari o‘tkazishga kelishib oldilar.

To‘qimachilik, charm-poyabzal, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va baliq sanoati hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari etib belgilandi.

Bundan tashqari, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisini o‘tkazish va ikki davlatning ishbilarmon doiralar ishtirokida biznes-forum tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.