27 Aprel 2022

O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligi masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Tojikiston Respublikasi sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Sh.Kabir bilan uchrashdi.

Uchrashuv chog‘ida investisiyalar, sanoat, savdo va transport sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘tgan yilning iyun’ oyida Tojikiston Respublikasiga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi muhokama qilindi.

Tomonlar investisiyaviy hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdilar, shuningdek, amaldagi tarif va notarif choralarni izchil bekor qilib borish hamda o‘zbek va tojik mahsulotlarining ikki mamlakat bozorlariga kirib kelishiga ko‘maklashish orqali sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish va o‘zaro savdoni rivojlantirish sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha birgalikdagi ishlarni faollashtirishga kelishib oldilar.

Konstruktiv muloqot yuzaga kelayotgan masalalarni belgilab, ularni hal qilish yuzasidan maqbul yechimlarni ishlab chiqish imkonini berdi. Amalga oshirilayotgan loyihalarni, shuningdek, o‘zaro manfaatli iqtisodiy sheriklikni kengaytirishning yangi yo‘nalishlarini ilgari surish bo‘yicha navbatdagi qo‘shma tadbirlar rejalashtirildi.