10 Dekabr 2019

Meva-sabzavotchilik klasterlarini tashkil etish choralari belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 9 dekabr’ kuni meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan klasterlar tashkil etish, meva-sabzavotlar yetishtirish sifati va eksporti hajmini oshirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida klaster tizimi yaxshi samara bermoqda. Xususan, shuning natijasida paxtachilikka yangi texnologiyalar kirib keldi, hosildorlik o‘tgan yilgiga nisbatan 20-30 foizga ko‘tarildi, moddiy manfaatdorlik oshdi. Joriy mavsumda paxta hosilining 73 foizi paxta-to‘qimachilik klasterlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Mamlakatimiz meva-sabzavotchilik tarmog‘i ham katta salohiyatga ega. Lekin bundan oqilona foydalanilmayapti.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda yiliga 21 million tonnadan ortiq meva-sabzavot yetishtiriladi. Lekin, ularning bor-yo‘g‘i 1,5 million tonnasi eksport qilinadi.

Chunki tashqi bozorlarda raqobatbardosh bo‘lgan mahsulot yetishtirmaymiz. Bog‘ va tokzorlarda hosildorlik juda past. Masalan, xorijiy davlatlarda bir gektar intensiv bog‘dan 70-100 tonna, ayrim mevalardan 130 tonnagacha hosil olinsa, yurtimizda bir gektardan 10-30 tonna, an’anaviy bog‘-tokzorlarda esa 4-5 tonna mahsulot olinadi.

Mahsulotni saralash, qadoqlash, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha 31 ta agrologistika markazi tashkil etilgan. Lekin aylanma mablag‘lar yetishmasligi va doimiy mahsulot yo‘qligi oqibatida ularning aksariyati mavsumiy ishlab, mavjud quvvatlardan bor-yo‘g‘i 10-15 foiz foydalanmoqda, xolos.

Mutasaddilarga mahsulot yetishtiruvchi bilan klaster korxonasi o‘rtasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash, ikki tomonning ham manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Dehqonlarga moddiy resurslar va avans mablag‘larini o‘z vaqtida yetkazib berish, samaradorligi past bog‘-rog‘larni yangilash, hosildorlikni oshirish klasterlarning asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligiga har bir tumanda yetishtiriladigan mahsulotlar hajmi, turi, sifati va eksportbopligini chuqur tahlil etgan holda, ekinlarni diversifikasiya qilish vazifasi qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari bo‘sh turgan yerlar, samarasiz bog‘ va tokzorlar o‘rnida hosildor plantasiyalar tashkil etish, meva-sabzavotlarni eksportyorlar talabi asosida yetishtirish va eksportni kengaytirish asosiy vazifa bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.