02 May 2022

Orolbo‘yi mintaqasi – ijtimoiy yo‘naltirilgan investisiyalarni jalb qilish makoni

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegasiyasi O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda Yevropa Ittifoqiga a’zo bir qator davlatlar delegasiyalarining Qoraqalpog‘istonga, Orolbo‘yi mintaqasiga rasmiy tashrifini tashkil qildi.

1960-yillarga qadar dunyoda yirikligi bo‘yicha ko‘llar o‘rtasida to‘rtinchi o‘rinda bo‘lgan Orol dengizining qurib borishi jahon miqyosidagi eng katta antropogen ekologik ofatlardan biri bo‘lib, uning salbiy oqibatlari milliy va mintaqaviy chegaralardan tashqariga chiqib bormoqda. Bu ofat episentri Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan mintaqada yashayotgan millionlab odamlarning iqtisodiy va ijtimoiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayapti.

Orol fojiasi fonida rivojlanayotgan inqiroz bir qator salbiy oqibatlarga, jumladan yerlarning degradasiyasi va cho‘llanishi, ichimlik suvining yetishmasligi, mahalliy aholi sog‘lig‘ining yomonlashishiga olib keladi. Bundan tashqari, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik vaziyat salbiy ta’sirlarning kuchayishi bilan murakkablashib bormoqda.

Tashrifning birinchi kunida Yevropa Ittifoqi delegasiyasining Orol dengizi tubining qurib qolgan qismiga 27 mingta daraxt ekish aksiyasi rasman boshlandi. Yevropa Ittifoqi elchilari Muynoq tumanida daraxtlarning birinchi partiyasini ekib, xotira lavhasini o‘rnatdilar va shu bilan Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlarning mintaqaning “yashil” kelajagiga qo‘shgan hissasini qayd etdilar.

Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil qilingan BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasi faoliyati doirasidagi ekologik va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni qo‘llab-quvvatlashda O‘zbekistonning yaqin hamkoridir.

Hozirgi kunda YeI tomonidan Jamg‘armaga 5 million yevro miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatildi. Finlyandiya va Norvegiya ham har biri 1 million yevrodan o‘z hissalarini qo‘shdilar. Bundan tashqari, Yevropa investisiya banki va Kreditanstalt für Wiederaufbau (KfW, Germaniya) tomonidan 125 mln. yevro va 31,5 mln. yevro miqdorida aralash moliyalashtirish shaklida moliyaviy resurslar ajratildi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasi ob’ektlariga tashrif chog‘ida ishtirokchilar mahalliy aholini ichimlik suvi, sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan ta’minlash, shuningdek, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha loyihalarning amalga oshirilishi bilan tanishdilar, mintaqaga investisiyalarni yanada kirib kelishining ahamiyati va Jamg‘arma faoliyatini yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini har tomonlama rag‘batlantirishga qaratilgan qiymati 210 million dollardan ortiq bo‘lgan istiqbolli dastur va loyihalar taqdim qilindi. Tomonlar ushbu loyihalarni amalga oshirishning amaliy jihatlarini muhokama qilib, ularni ilgari surish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar.

“Orol dengizining yo‘q bo‘lib ketishi milliy chegaralardan tashqariga yoyilib ketayotgan fojiadir. Yevropaning rivojlanishning yashil yo‘nalishi hamda YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasiga muvofiq, Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar ekologik tanazzulning oldini olish va fojiadan zarar ko‘rgan aholining barqarorligini yuksaltirish borasidagi barcha sa’y-harakatlarda O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. YeI BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasiga 5 million yevrodan ortiq mablag‘ ajratdi va bu bilan tabiiy ofatning salbiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha yuqori darajadagi sodiqligini ta’kidladi.

Ayni paytda Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda Orolbo‘yi mintaqasini “yashil rivojlantirish” bo‘yicha qiymati 150 million yevrodan ortiq bo‘lgan investisiyaviy loyiha ishga tushirilmoqda. Loyiha Orolbo‘yi mintaqasida o‘rmon, suv va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va irrigasiya tizimlarini modernizasiya qilishni o‘z ichiga oladi.

Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga sovg‘a sifatida hamda mamlakat Hukumatining cho‘llanishga uchragan yerlarni tiklash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yil oxirigacha YeIga a’zo 27 davlatlar nomidan 27000 ta to‘p daraxt ekish majburiyatini o‘ziga oladi. Shu orqali, biz kelajakda “yashil” investisiyalar va Orolbo‘yi mintaqasida ekotizimni yaxshilash va barqaror hayotga yo‘l ochib berishga umid qilamiz”, – dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian janobi oliyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida.

Qoraqalpog‘istonda delegasiya a’zolari Jo‘qorg‘i Kenges raisi M.K.Kamalov, Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston davlat universiteti rahbariyati bilan uchrashdi.

Uchrashuvlar chog‘ida oliy ta’lim tizimini rivojlantirish, Yevropa va Qoraqalpoq universitetlari o‘rtasida talabalar almashinuvi dasturlarini tashkil qilish, qishloq xo‘jaligi sohasining barqarorligini ta’minlash uslublarini yoyish, turizmni rivojlantirish va boshqa sohalarni o‘z ichiga olgan investisiyaviy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Taxtako‘pir tumani o‘rmon xo‘jaligidagi loyiha hududiga delegasiyaning tashrifi ham tashkil etildi. U yerda Yevropa tomoniga Trast jamg‘armasi hisobidan amalga oshirilgan loyihalar natijalari taqdim etildi.

Xususan, loyihalar doirasida quyidagi ishlar amalga oshirilganligi ta’kidlandi:

1. Nukus shahri, Beruniy va Qo‘ng‘irot tumanlari perinatal markazlari zamonaviylashtirildi. Natijada atrofdagi 5 tumanda yashovchi 11,5 ming kishi ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam bilan qamrab olindi. Hozirgi kunda 27 ta tibbiyot muassasasi laboratoriya va 35 tasi telekommunikasiya uskunalari bilan jihozlanmoqda.

2. Mo‘inoq, Qo‘ng‘irot va Bo‘zatov tumanlaridagi 20 ta tibbiyot muassasasi va 15 ta maktabda suv ta’minoti va kanalizasiya tizimlarini rekonstruksiya qilish ishlari boshlandi. 2 ta maktabda zamonaviy AKT darslari tashkil etilmoqda.

3. Taxtako‘pir tumanidagi 5 ta (Beltov, Tazakonis, Mulik, Marjanko‘l va Janadaryo) qishloq fuqarolar yig‘inida 3,5 ming aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

4. “Temir” va “ayollar” daftarlariga kiritilgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 13 ta kichik korxonaga yordam berildi. 3 ta agrosanoat kooperativida zamonaviy resurslarni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish, shuningdek, junni qayta ishlash va ishlab chiqarish sexini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

7 xonadonga bog‘dorchilik, parrandachilik, asalarichilik uchun yangi uskunalar yetkazib berish rejalashtirilgan. Natijada Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot va Bo‘zatov tumanlarida 200 yangi ish o‘rni yaratiladi.

5. Taxtako‘pir o‘rmon xo‘jaligida pitomniklar maydoni 12 gektardan 50 gektargacha, o‘rmon ekish hajmi – 2200 gektardan 5000 gektargacha, cho‘l o‘simliklari ko‘chatlarini yig‘ib olish yiliga 8 tonnadan 65 tonnagacha oshirildi. Orolbo‘yi Xalqaro innovasiya markazida suvni tejaydigan texnologiyalarni namoyish etish uchun maydon yaratilmoqda.

6. Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot va Bo‘zatov tumanlarida 40 innovasion loyihani qo‘llab-quvvatlash, 26 ming bolani degelmintizasiya qilish, 10 ming qizda kamqonlikning oldini olish, 1500 oilani sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish, 400 yoshni ijtimoiy tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif davomida delegatlar viloyatning boy madaniy merosi va tabiiy ob’ektlari bilan ham tanishdilar.

Tashrif natijasida Orol fojiasi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan loyihaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.