25 Oktyabr 2020

Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi

Prezident farmoni bilan Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi. Ijobiy kredit tarixiga ega eksportchilarga kredit bo‘yicha qarzdorligi bo‘lsa ham kompensatsiya va kafilliklar taqdim etiladi. Buning uchun Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga $100 mln ajratiladi.

Hujjatga muvofiq, 2022 yil 1 yanvarga qadar Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi eksport qiluvchilarga:

Eksportoldi moliyalashtirish, shu jumladan, aylanma mablag‘lar uchun ajratiladigan kreditlar bo‘yicha tijorat banki tomonidan belgilangan kredit foiz stavkasi va miqdoridan qat’i nazar:

  • milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 50 foizigacha, biroq 10 foiz banddan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
  • chet el valyutasidagi kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 50 foizigacha, biroq 5 foiz banddan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kompensatsiyalar taqdim etadi.

Bundan tashqari, tijorat banklarining eksportoldi moliyalashtirish, shu jumladan, aylanma mablag‘lari uchun beriladigan kreditlari bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha, biroq 8 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik beradi.

Ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lsa, avval olgan kreditlari bo‘yicha qarzdorligi bo‘lishidan qat’i nazar, eksportoldi moliyalashtirish, shu jumladan, aylanma mablag‘lar uchun qo‘shimcha olinadigan kreditlari bo‘yicha yuqorida belgilangan miqdorlar va shartlarda kompensatsiya va (yoki) kafilliklar taqdim etadi

Taqdim etiladigan kafilliklar bo‘yicha komissiya to‘lovlarini 2 baravarga kamaytirilgan miqdorda undiradi.

Hujjat bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligiga qator qo‘shimcha vazifalar yuklatilmoqda.

Unga ko‘ra, Agentlik tijorat banklariga eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun moliyaviy resurslar ajratadi.

Shu bilan birga, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va moliya kompaniyalaridan eksportoldi moliyalashtirish uchun mablag‘lar jalb etish ishlarini tashkillashtiradi.

Agentlikka yuklanayotgan qo‘shimcha vazifalarni amalga oshirish uchun uning huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilmoqda.

Jamg‘armaga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qaytarmaslik sharti bilan 100 mln AQSH dollari, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va xususiy moliya kompaniyalaridan qarzlar jalb qilinadi.

Agentlik tijorat banklariga eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun bir martalik 1 mln AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda bir yilgacha moliyaviy resurs ajratadi.

Agentlik tomonidan ajratiladigan moliyaviy resurslar hisobidan berilgan kreditni to‘liq so‘ndirmagan eksport qiluvchi uchun bunday moliyaviy resurslar ajratishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tijorat banklariga eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari Agentlik tomonidan ajratiladigan moliyaviy resurslar hisobidan moliyalashtirilganda, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiyalar taqdim etilmaydi.

Manba: Gazeta.uz