26 Sentyabr 2022

Farg‘onada yilning oxirigacha elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi

Farg‘onada joriy yil oxirigacha “Central Asia Motors” korxonasi negizida elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda korxona bosh direktori Bahodir Ahmedov viloyat hokimi Xayrullo Bozorovga ma’lum qildi, deb xabar beradi Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Viloyat rahbari elektromobillar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish hamda yengil va yuk avtomobillari elektromobillari ishlab chiqarishni rivojlantirish loyihasining borishi bilan tanishdi. Korxonada elektromobil kuzovlari, quvvatlantirish stansiyalari, akkumulyatorlar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish ham mahalliylashtiriladi.

Matbuot xizmati xabariga koʻra, loyihaga 50 million dollar sarmoya kiritiladi: har biri 5 million dollar – tadbirkorning shaxsiy mablagʻlari va bank krediti, 40 million dollar – toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 10 mingta elektromobilni tashkil etadi, shundan 40 foizini eksport qilish rejalashtirilgan.