26 Iyul 2022

Oʻzbekiston-Qirgʻiziston hamkorligini chuqurlashtirish boʻyicha keyingi qadamlar koʻrib chiqildi

Joriy yilning 25 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri J. Xodjayev Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari B. To‘roboyev bilan videokonferensaloqa rejimida muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Ma’lumot uchun: 2021-yilda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 953,5 million dollardan, 2022-yilning birinchi yarmida esa 590 million dollardan oshdi (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 39 foizga o‘sgan).

Uchrashuvda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Ayni paytda O‘zbekistonda Qirg‘iziston kapitali ishtirokidagi 289 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, shundan 129 tasi qo‘shma korxona va 160 tasi 100 foiz xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalardir. Energetika, yengil, farmatsevtika, avtomobilsozlik, qurilish materiallari va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi texnikasi, avtomobillar va bazalt tolasi ishlab chiqarish kabi sohalarda qoʻshma loyihalar sonini koʻpaytirishga tayyorligi bildirildi.

Shuningdek, 2022-2025-yillarda ikki mamlakat o‘rtasida Savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturiga kiritilgan o‘zaro hamkorlikning boshqa ustuvor yo‘nalishlari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amaliy amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘zaro majburiyat bildirildi.