13 Iyul 2022

Energetika sohasidagi yirik loyihalar ko’rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-iyul kuni Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda yirik energetika loyihalarini amalga oshirishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.

O‘zbekiston-Amirlik hamkorligi jadal rivojlanmoqda. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar oshdi, BAA kapitali ishtirokida mamlakatimizda 45 ta yangi korxona tashkil etildi.

O‘zaro manfaatli hamkorlik iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlarini qamrab olgan bo‘lib, ulardan biri energetika sohasidir.

O‘tgan yili Navoiy viloyatida Amirlikning “Masdar” kompaniyasi bilan hamkorlikda mamlakatimizdagi ilk yirik quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi. Bugungi kunda kuniga 1 million 180 ming kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazib bermoqda.

Umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollar bo‘lgan yana 5 ta yirik energetika loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi. Bular Tolimarjon IESni “Mubadala” va “TAQA” kompaniyalari bilan xususiylashtirish va quvvatlarini oshirish, Navoiy viloyatida shamol elektr stansiyasi hamda “Masdar” kompaniyasi bilan Surxondaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida fotoelektr stansiyalarini qurishdir.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda BAA bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va muvofiqlashtirishning yangi mexanizmi ishga tushirildi.

Yig‘ilishda mazkur tizim asosida mazkur loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Yil oxirigacha rejalashtirilgan loyihalar va tadbirlarning joriy holati haqida mas’ul shaxslar ma’lumot berdi.

Davlatimiz rahbari mazkur loyihalar energetika tizimi barqarorligini ta’minlash, iqtisodiyotga investisiyalar oqimini yanada oshirish uchun zamin yaratishini ta’kidladi.

Prezident Tolimarjon IESni xususiylashtirish haqida gapirar ekan, mazkur loyiha respublika issiqlik elektr stansiyalarini boshqarish va elektr energiyasini samarali ishlab chiqarishda namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Masdar bilan birgalikda qayta tiklanadigan energiya sohasida amalga oshiriladigan loyihalar yashil energiya ulushini 2030-yilga kelib 25 foizga yetkazish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.

Shu munosabat bilan mazkur loyihalarni amalga oshirish yuzasidan amaliy ishlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida zarur shartnoma va hujjatlarni imzolash jarayonini tezlashtirish zarurligi ta’kidlandi.