20 Noyabr 2019

Markaziy bank 2020 yildan inflyatsion targetlashga o‘tadi

O‘zbekiston Markaziy banki 2020 yil 1 yanvardan bosqichma-bosqich inflyatsion targetlash rejimiga o‘tadi. Bu haqda prezidentning 19 noyabrdagi farmonida so‘z boradi. Inflyatsiya darajasini 2021 yilda 10 foizgacha pasaytirish hamda 2023 yilda 5 foiz darajadagi doimiy inflyatsion maqsadni (target) o‘rnatish rejalashtirilmoqda.

Quyidagilar O‘zbekiston Markaziy banki pul-kredit siyosatining asosiy tamoyillari etib belgilandi:

inflyatsiyaning doimiy amal qiladigan maqsadini belgilash va uni keng jamoatchilikka yetkazish;

pul bozoridagi foiz stavkalarini tartibga solish va inflyatsion jarayonlarni boshqarish maqsadida pul-kredit siyosatining keng qamrovli instrumentlarini qo‘llash;

pul-kredit siyosati sohasida ob’ektiv qarorlar qabul qilish maqsadida ichki va tashqi bozorlarda mavjud bo‘lgan ochiq ma’lumotlarni hisobga olgan holda batafsil makroiqtisodiy tahlil va prognozlarni amalga oshirish;

pul-kredit siyosati maqsadlarini keng jamoatchilikka yetkazish, makroiqtisodiy holatning oldindan ko‘ra bilinishini ta’minlash va bozor ishtirokchilari ishonchini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Markaziy bankining kommunikatsiya siyosatini takomillashtirish.

Markaziy bankka quyidagilarni joriy etish orqali pul-kredit siyosati instrumentlari, mexanizmlari va jarayonlarini inflyatsion targetlash rejimi standartlariga muvofiqlashtirish choralarini ko‘rish topshirildi:

2020 yilning 1 yanvariga qadar pul bozori foiz stavkalariga ta’sir ko‘rsatuvchi bozor instrumentlari, shu jumladan, Markaziy bank obligatsiyalari, overnayt depozitlar, doimiy tusdagi depozit auksionlari, davlat qimmatli qog‘ozlari va xorijiy valyuta garovi ostida kredit auksionlari va overnayt kreditlari;

2020 yil davomida foiz va valyuta xatarlarini boshqarishda hosilaviy instrumentlar (svop, opsion va fyucherslar) va tijorat banklarining valyuta kursi shakllanishidagi rolining bosqichma-bosqich oshirib borilishi;

bir oy muddatda Markaziy bankning banklararo pul bozoriga muntazam intervensiyasi orqali moslashuvchan foiz siyosatini amalga oshirishda asosiy foiz stavkasining foiz koridori mexanizmi;

2020 yilning 1 apreliga qadar xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magi hamda ilg‘or xalqaro tajriba asosida ekonometrik modellashtirish instrumentlarini rivojlantirishni nazarda tutuvchi makroiqtisodiy tahlil va prognozlash tizimi;

ikki oy muddatda Markaziy bank tomonidan iqtisodiyotdagi joriy holat, inflyatsion jarayonlarning asosiy omillari va pul-kredit siyosati choralarining o‘z vaqtida yoritilishini ko‘zda tutuvchi kommunikatsion siyosatning zamonaviy tamoyillari;

inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar omillarini doimiy o‘rganib borish, xalqaro moliya institutlari va boshqa davlatlar markaziy banklari texnik ko‘magini jalb etish orqali ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish.

 

Manba: Gazeta.uz