31 Avgust 2022

Ozarbayjon bilan energetika sohasida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha «yoʻl xaritasi» imzolandi

O‘zbekiston va Ozarbayjon tomonidan imzolangan energetika bo‘yicha yo‘l xaritasiga ko‘ra, tomonlar energetika loyihalariga o‘zaro sarmoya kiritishni rag‘batlantiradi. Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” va SOCAR o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, jumladan, uglevodorodlarni birgalikda qidirish va qazib olish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

29-avgust kuni O‘zbekiston va Ozarbayjon Energetika vazirliklari o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolandi, deb xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Hujjatni O‘zbekiston energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Axmedxadjayev va Ozarbayjon energetika vaziri Parviz Shahboz ma’qulladi.

Unga asosan, 2022-2023-yillar davomida tomonlar mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishda tegishli tanlovlarda ishtirok etishga taklif qilish, xususiy investitsiyalar hisobidan yangi issiqlik elektr stansiyalarini qurish sohasida bilim va ilg‘or tajriba almashish, o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish, energiya (elektr energiyasi va tabiiy gaz) bozorlarini liberallashtirish va yaratish, xususiylashtirishda tomonlarning ishtirokini taʼminlash va xususiy investitsiyalarni jalb etish chora-tadbirlari bo‘yicha tajriba va axborot almashishni amalga oshirishni nazarda tutadi.