05 May 2022

Saudiyalik tadbirkor O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish sohasiga sarmoya kiritish niyatida

Mamlakatimiz Bosh konsulligi xodimlari Saudiya Arabistonining  yirik ishbilarmonlaridan biri –  shayx Abdulloh Darvesh al-Xorisiy bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalar, xususan, Saudiyadan sarmoyalar jalb etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Saudiya vakili O‘zbekistonda xorijiy investorlarga yaratilayotgan qulay sharoit va imtiyozlar, mamlakatimizning iqtisodiy va sayyohlik salohiyati, xususan, respublikamizdagi erkin iqtisodiy zonalar faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

Abdulloh Darvesh al-Xorisiy, o‘z navbatida, mamakatimizning qishloq xo‘jaligi sohasiga investitsiya kiritishga qiziqish bildirar ekan, bu yo‘nalishdagi sarmoyaviy loyihalar taqdim etilishini so‘radi.

– Men O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va ularni Saudiya Arabistoniga eksport qilishni rejalashtirayotirman, – dedi u. – Agar ana shunday loyihani amalga oshirishga qiziqish bildiradigan o‘zbekistonlik hamkorlar bo‘lsa, biz hamkorlikda ishlashga tayyormiz.

Ma’lumot tariqasida qayd etish joizki, shayx Abdulloh Darvesh al-Xorisiy «Abdullah Al Harthy Contracting Est» qurilish kompaniyasiga rahbarlik qiladi. Uning kompaniyasi mehmonxona hamda qishloq xo‘jaligi biznesi bilan faol shug‘ullanadi.