20 May 2020

Shavkat Mirziyoyev aholi va biznesni qo’llab-quvvatlash bo’yicha yangi chora-tadbirlarni tasdiqladi

“Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident Farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2020 yilning 1 iyunidan 1 sentyabrigacha mol-mulk solig‘i va yer solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi:

kichik tadbirkorlik sub’ektlari; 

bozorlar va  savdo komplekslari; 

kinoteatrlar;

umumiy ovqatlanish joylari;

jamoat transporti korxonalari;

sport-sog‘lomlashtirish muassasalari;

yo‘lovchi tashish, maishiy xizmat ko‘rsatish, binolarni, shu jumladan banketlar o‘tkazish uchun ijaraga berish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar.

2020 yilning 1 mayidan 1 iyuligacha bo‘lgan davrda mikrofirma va kichik korxonalarga (aksizosti tovarlar ishlab chiqaruvchilar, davlat korxonalari va ustav jamg‘armasida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizgacha kamaytiriladi.

Mikrofirma va kichik korxonalarda 2020 yil 15 may holatiga soliqlar, penyalar va soliq qonunchiligini buzganlik uchun hisoblangan jarimalar bo‘yicha mavjud bo‘lgan qarzdorlikni undirish 2020 yil 1 sentyabrgacha to‘xtatiladi.

Bunda ularga 2020 yil 15 may holatiga soliq majburiyatlarini bajarish bo‘yicha ijro etilmagan to‘lov topshiriqnomalarini qaytarib olish huquqi berildi.