20 Noyabr 2019

Janubiy Koreya investitsiyalari himoyaga olindi

Prezident 2019 yil 19 aprel kuni Toshkent shahrida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati o‘rtasida investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitimni tasdiqladi.
 
Norma’ning yozishicha, bunday hujjatlarda, qoidaga ko‘ra, shartnoma taraflari investitsiyalarini har tomonlama huquqiy jihatdan himoya qilish, shu jumladan ularni ekspropriatsiya qilish yoki milliylashtirishni taqiqlash, to‘lovlarni o‘tkazishda erkinlik berish, investorlarga yetkazilgan zararni qoplash hamda davlat va investorlar o‘rtasidagi nizolarni hal etish tartibi nazarda tutiladi. Masalan, shunga o‘xshash bitimlarni O‘zbekiston Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Xitoy va yana bir qator davlatlar bilan imzolagan.
 
O‘zbekiston TIV mazkur shartnoma kuchga kirishi uchun O‘zbekiston Respublikasi tomonidan zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi hamda uni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ haqidagi tegishli bildirishnomani Koreya Respublikasiga yuboradi.
 
Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu ikki tomonlama bitim doirasida O‘zbekistonning majburiyatlari bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi.

Manba: Kun.uz