05 Avgust 2022

Oilaviy mehmon uylarini tashkil etishni xohlovchi kichik biznes subyektlariga uch yilgacha kompensatsiya beriladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga turizm sohasi subyektlari uchun shart-sharoitlar yanada takomillashtirilishi munosabati bilan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 407-son qarori qabul qilindi.

Qaror asosida oilaviy mehmon uylari faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan kichik biznes subyektlariga 5 milliard so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lanishi belgilandi. Ushbu summa tijorat banklari tomonidan milliy valyutada, Markaziy bankning asosiy stavkasining 1,5 foizidan oshmaydigan foiz stavkasi bilan uch yilgacha muddatga va asosiy stavkadan oshib ketgan qismini qoplash uchun ajratiladi, lekin asosiy stavkaning 30% dan oshmasligi kerak. Kompensatsiya Iqtisodiy rivojlanish va qashshoqlikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan ajratiladi.

Shuningdek, endilikda chegaradan o‘tish punktlarida turistik axborot markazlarini tashkil etish mumkin. Ular O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlariga bepul joylashtiriladi.

Qarorga muvofiq, uy-joy va chodir shaharchalari xizmatlarini sertifikatlash tekshirish dalolatnomasi asosida ularni Oilaviy mehmon uylari va yotoqxonalarning yagona reestriga kiritish orqali soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.

Ma’lumki, bugungi kunda investorlarga subsidiya faqat yangi qurilgan mehmonxona 3 yulduzli toifaga ega bo‘lsa va xona fondi kamida 50 ta xonaga ega bo‘lsa yoki 4 yulduzli toifali va kamida 100 xonali xonalarga ega bo‘lsagina beriladi. Qarorda “yangi qurilgan mehmonxona” tushunchasi mustahkamlangan bo‘lib, unga ko‘ra, tasdiqlangan loyiha bo‘yicha kapital bino va inshoot sifatida qurilgan yoki oxirgi o‘n yil davomida mehmonxona fondida bo‘lmagan holda rekonstruksiya qilingan mehmonxona yangi qurilgan mehmonxona hisoblanadi. Shuningdek, qurilish jarayonida o‘zgartirilgan loyiha bo‘yicha turar joy sifatida qurilgan yangidan foydalanishga topshirilgan obyekt (mehmonxonani rekonstruksiya qilish va (yoki) ta’mirlash bundan mustasno) ham yangi qurilgan mehmonxona sifatida hisobga olinadi.