02 Aprel 2022

Toshkent va Bishkek tovar aylanmasini $2 mlrdga yetkazmoqchi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘zaro tovar aylanmasi hajmini 2 mlrd AQSh dollarigacha oshirishni rejalashtirmoqda. Bu boradagi kelishuvga 1 aprel kuni O‘shda bo‘lib o‘tgan Qirg‘iziston prezidentining chegaradosh viloyatlardagi vakolatli vakillari hamda O‘zbekistonning chegaradosh viloyatlari hokimlari kengashining to‘rtinchi yig‘ilishida erishildi.

Qirg‘iziston hukumati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda ikki davlat hukumatlari rahbarlari — O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Akilbek Japarov ishtirok etdi.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda Qirg‘iziston bilan tovar aylanmasi 952 mln dollarni (2020 yilda — 907,2 mln dollar), shu jumladan, O‘zbekistondan esport 791,1 mln dollar, import esa — 161,5 mln dollarni tashkil qildi. Qirg‘iziston O‘zbekistonning tashqi savdosida 2,3 foiz ulush bilan Rossiya (17,9%), Xitoy (17,7%), Qozog‘iston (9,3%), Turkiya (8,1%) va Koreya Respublikasidan (4,5%) keyin oltinchi eng yirik hamkori hisoblanadi.

Muzokaralarda ikkitomonlama hamkorlikning muhim masalalari va energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, chegaraoldi savdosi, turizm, madaniy-gumanitar sohalar muhokama qilindi.

Abdulla Aripov mamlakatlar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi faol rivojlanib borayotgani, energetika, transport, logistika sohasida muhim qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun 200 mln AQSh dollari miqdoridagi kapitalga ega o‘zbek-qirg‘iz Taraqqiyot jamg‘armasi ishga tushirildi.

Akilbek Japarov «Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy sohada amalga oshirilmagan katta salohiyat saqlanib qolayotganini, shu munosabat bilan davlatlarning mintaqaviy ma’muriyatlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha aniq amaliy choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladi».

Tomonlar «Irkeshtam- Daroot-Korgon-Uchqo‘rg‘on» yo‘li, Qizil-Qiya shahridagi transchegaraviy savdo logistika markazi qurilishi, shuningdek, yangi rivojlanish jamg‘armasi salohiyatidan foydalanish mumkin bo‘lgan qo‘shma infratuzilma loyihalarini muhokama qildi.

Yig‘ilishda Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Nooken tumanida paxta tozalash zavodi, ip-kalava fabrikasi, to‘qimachilik fabrikasi va mashina-traktor parki hamda o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish zavodini o‘z ichiga olgan paxta-to‘qimachilik klasterlari majmuasini yaratish loyihasini amalga oshirish jihatlari ko‘rib chiqildi.

Qirg‘iziston tomoni O‘zbekistonga sement, ko‘mir, kvars qumi, kartoshka, sut va sut mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirishni taklif qildi.

Tomonlar Qirg‘izistonda mashinasozlik sanoatini rivojlantirish va yengil avtomobillar, qishloq xo‘jaligi texnikalarini yig‘ishni tashkil etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga to‘xtalib o‘tdi.

Kengash Namangan va Jalolobod viloyatlari ma’muriyatlariga qoramol va mayda qoramollarni ko‘paytirish bo‘yicha qo‘shma fermer xo‘jaliklarini tashkil etish, shu jumladan Klaster mexanizmlaridan foydalanish masalasini jadallashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Akilbek Japarov ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash doirasida O‘sh shahrida qirg‘iz-o‘zbek Do‘stlik parkini yaratishni taklif qildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar COVID-19`ga qarshi emlash sertifikatlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risida notalarni almashdi.