20 Sentyabr 2022

O‘zbekiston va OTB hamkorlikni kengaytirmoqda

Joriy yilning 19-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev OTBning ma’muriy va korporativ boshqaruv bo‘yicha vitse-prezidenti Bryus Gosper bilan videokonferensiya shaklida uchrashdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va OTB o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvda OTB rahbariyati Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga xususiy va xorijiy investitsiyalarni jalb etishni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini alohida taʼkidladi. Ma’lum qilinishicha, joriy portfel infratuzilma qurilishi, energetika, uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi 3,7 milliard dollarlik 24 loyihadan iborat. OTBning 2022-2024-yillarga moʻljallangan mamlakat operatsiyalari biznes-rejasi doirasida umumiy qiymati 2,8 milliard dollarlik 27 ta loyihani birgalikda amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Joriy yilda umumiy qiymati 274 million dollar boʻlgan 1 ta investitsiya loyihasi boʻyicha kelishuv imzolandi va ipoteka bozori sohasini rivojlantirish va byudjetni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan 2 ta loyiha boʻyicha umumiy qiymati 650 million dollarlik muzokaralar yakunlandi. Mazkur loyihalar bo‘yicha joriy yil oxirigacha shartnomalar imzolash choralarini ko‘rish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro hamkorlikning mavjud va yangi yo‘nalishlari doirasidagi hamkorlikni izchil davom ettirish tarafdori ekanliklarini bildirdilar.