30 Iyul 2022

O‘zbekiston va Bangladesh sanoatning ustuvor tarmoqlarida aniq investitsiya loyihalari va ularni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar bilan birgalikda “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Kecha O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining Dakka shahriga tashrifi doirasida Bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev Bangladesh Bosh vaziri maslahatchisi Salmon Rahmon bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Joriy yilning mart oyida boʻlib oʻtgan maslahatlashuvlar chogʻida toʻqimachilik sanoati, farmatsevtika, qishloq va suv xoʻjaligi, turizm, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha kelishuvga erishilgani taʼkidlandi. Sanoat korxonalari oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini chuqurlashtirish boʻyicha keyingi chora-tadbirlar belgilandi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) maʼlumotlariga koʻra, Bangladesh dunyodagi ikkinchi yirik kiyim eksportchisi hisoblanadi. 430 ta ip-kalava, 802 ta ishlab chiqarish va 244 ta gazlama boʻyash, 32 ta jinsi, 22 ta uy toʻqimachilik fabrikalari mavjud. Oxirgi 7 yil ichida Bangladeshdagi tikuvchilik sanoati yillik daromadini 19 dan 34 milliard AQSH dollariga (79 foiz o‘sish) oshirdi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar eng qisqa vaqt ichida sanoatning ustuvor tarmoqlarida aniq investisiya loyihalarini, shuningdek, ularni ilgari surish va amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan Qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldilar.