07 Sentyabr 2022

O‘zbekiston va Amirliklar Toshkentda Turizm akademiyasini ochish masalasini muhokama qilmoqda

O‘zbekiston Bosh konsulligida turizm sohasiga sarmoya kiritishga ixtisoslashgan Facetime Smart Investment kompaniyasi rahbari Naden Kudien bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Muzokaralar chog‘ida «Facetime Smart Investment» kompaniyasini O‘zbekistonga investitsiya kiritish masalalari, shuningdek, ushbu xorijiy kompaniya vakillarining noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan xalqaro sayyohlik yarmarkasida ishtirok etishi muhokama qilindi.

Qayd etish joizki, «Facetime Smart Investment» yaqin vaqt ichida Toshkentda Turizm akademiyasini ochishni rejalashtirmoqda, u yerda O‘zbekiston turizm sektori vakillari kasbiy tayyorgarlikdan o‘tadilar.

«Facetime Smart Investment» turizm sohasida ko‘p yillik tajribaga ega, jumladan, Dubayda bir qator mashhur mehmonxona majmualari va sayyohlik obyektlarini ishga tushirishda ishtirok etadi.