20 Iyul 2022

O‘zbekiston va Gruziya Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni bog‘lovchi transport yo‘laklari tizimini ishga tushiradi

2022-yil 19-iyul kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Gruziya tashqi ishlar vaziri Iliya Darchiashvili bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida tomonlar davlatlararo hamkorlikning dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qildi. Siyosat, iqtisodiyot, transport, turizm va madaniyat sohalaridagi aloqalarni jadallashtirish bo‘yicha aniq takliflar ko‘rib chiqildi.

Transport-tranzit sohasida o‘zaro hamkorlik uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi. O‘zbekiston logistika markazlari va Gruziya dengiz portlaridan tovarlarni eksport qilish va import qilishda samarali foydalanish, yuklarni tashishda o‘zaro asnoda chegirmalar va imtiyozlar berish, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni bog‘laydigan transport yo‘laklari tizimini yaratish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Tomonlar xalqaro institutlar doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga tayyorligi ta’kidlandi.

Madaniy-gumanitar almashinuvlarni jadallashtirish maqsadida O‘zbekiston va Gruziya madaniyat va kino kunlarini o‘tkazish, shuningdek, birgalikda ilmiy-texnik tadqiqotlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Gruziya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.