24 Oktyabr 2022

O‘zbekiston va Koreya savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirmoqda

Joriy yilning 18-21-oktabr kunlari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Ishchi guruhi Koreya Respublikasiga tashrif buyurib, Koreya vazirlik va idoralari vakillari, kompaniyalar rahbariyati bilan bir qator uchrashuv va muzokaralar o’tkazdi. Ularda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning bugungi holati va uni yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, Savdo, sanoat va energetika vazirligi vakillari bilan o‘tkazilgan ishchi uchrashuvlarda O‘zbekiston Respublikasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik istiqbollari, shuningdek, elektron tijoratni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Oxirgi besh yil ichida tovar ayirboshlash ikki baravarga oshib, 2021-yilda 1,8 milliard dollarga, 2022-yilning yanvar-avgust oylarida esa 1,6 milliard dollarga yetdi. Ikki davlat oʻrtasida Erkin savdo bitimini imzolash boʻyicha ishlarni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Investitsiyaviy hamkorlik izchil kengaytirilayotgani qayd etildi. Ayni paytda O‘zbekistonda Koreya kompaniyalari bilan birgalikda umumiy qiymati 14 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 100 ga yaqin investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Tomonlar dolzarb muammolarni hal etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida har oyda o‘tkaziladigan O‘zbekiston-Koreya virtual tijorat muloqotiga asoslangan yangi o‘zaro hamkorlik mexanizmini joriy etishga kelishib oldilar.

Koreyaning KTNet kompaniyalari va Koreya texnologiyalarni rivojlantirish instituti rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralarda “O’zbekistonda Milliy elektron savdo maydonchasini yaratish loyihasining 4-bosqichi” doirasida TradeUZ.com elektron savdo maydonchasini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Qayd etilishicha, TradeUZ.com Milliy elektron tijorat platformasida ayni paytda 3000 ta o‘zbekistonlik eksportyorlar, 10 000 ta xorijiy xaridorlar, 5000 dan ortiq nomdagi tovarlar to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud. Ushbu sayt orqali ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlar, jumladan, transport-logistika xizmatlarini ko‘rsatish, ko‘proq mijozlar va yetkazib beruvchilarni jalb qilish, axborot mazmunini va sonini oshirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Koreya Eksimbanki va Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan ishchi uchrashuvlar o‘tkazilib, ularda mavjudlarini amalga oshirish masalalari, shuningdek, ushbu moliya institutlarining O‘zbekistonda investitsiya ishtirokini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar ta’lim, o‘zbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish va tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirish yo‘nalishlarida umumiy qiymati 50,6 million dollar bo‘lgan 8 ta loyihani, shuningdek, 2022-2024-yillarga mo‘ljallangan Moliyaviy – texnik hamkorlik dasturi doirasidagi loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Uchrashuvlar yakuni bo‘yicha muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni to‘liq amalga oshirish maqsadida koreyalik hamkorlar bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlar dasturi shakllantirildi.