18 Avgust 2022

O’zbekiston va SAP savdo va investitsiyalar sohasida hamkorlikni mustahkamlashmoqchi

Joriy yilning 16-avgust kuni Davlatimiz rahbarining Saudiya Arabistoni Podshohligiga tashrifi arafasida Jidda shahrida Bosh vazir o’rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayevning SAP savdo vaziri Majid bin Abdulla al-Kasabi bilan uchrashuvi bo’lib o’tdi.

Suhbat davomida o’zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo’yicha istiqbolli chora-tadbirlar, investitsiyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yo’llari, shuningdek, O’zbekiston Rahbarining Saudiya Arabistoniga ertaga bo’ladigan tashrifining iqtisodiy kun tartibi muhokama qilindi.

Joriy yil boshidan buyon, asosan, to’qimachilik mahsulotlari, meva-sabzavot, plastmassa va metall mahsulotlarini faol o’zaro yetkazib berish hisobiga ikki tomonlama savdo hajmining 13 barobar o’sishi qayd etildi. Tomonlar etkazib berish hajmini oshirishdan ham, jo’natilayotgan tovarlar nomenklaturasini kengaytirishdan ham o’zaro manfaatdorligini bildirdilar.