26 Oktyabr 2022

O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochmoqda

25-oktabr kuni Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari bilan sheriklik aloqalarini rivojlantirishning samarali mexanizmi bo‘lgan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Yaponiya va Yaponiya-O‘zbekiston qo‘mitalarining 16-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yigʻilishda Oʻzbekiston tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, asosiy vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlari, Yaponiya tomonidan esa Itochu korporatsiyasi maslahatchisi, Yaponiya-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik qo‘mitasi raisining vazifasini bajaruvchisi Tsuyoshi Nishitani, Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri o‘rinbosari Xiroxide Xirai, Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO) raisi va katta ijrochi direktori Nobuxiko Sasaki, shuningdek, 70 nafar Yaponiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Kun tartibi doirasida o’zaro savdo masalalari muhokama qilindi. 2022-yilning to‘qqiz oyida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshdi. Ikki tomonlama savdo hajmini oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.

Sarmoyaviy va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi. So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda Yaponiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni besh barobar ko‘payib, 55 taga yetdi. Joriy yilda 14 ta qo‘shma korxona tashkil etildi. Uchrashuv ishtirokchilari farmatsevtika, tog‘-kon sanoati, mashinasozlik, kimyo va to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma ishlarni faollashtirishga kelishib oldilar.

Yaponiyaning eng yaxshi kiber, bio- va nanotexnologiyalarini uzatishni hisobga olgan holda IT va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik yoʻnalishi alohida koʻrib chiqildi. Yaponiya tomoni Oʻzbekistonda raqamlashtirish darajasini 70 foizga yetkazish va 2026-yil oxirigacha dasturiy mahsulotlar eksportini oʻn barobar oshirishni taʼminlash boʻyicha rejalarga koʻmaklashish niyatini bildirdi.

Tadbir doirasida biznes-forum ham bo’lib o’tdi, unda ishtirokchilar B2B va B2G uchrashuvlarini o’tkazish va hamkorlikning amaliy jihatlarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo’ldilar.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Yakuniy bayonnoma va tadbir davomida erishilgan asosiy kelishuvlarni aks ettiruvchi bir qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.