07 Iyun 2022

O‘zbekiston Buyuk Britaniya bilan savdo va investisiyaviy hamkorlikni oshirishni rejalashtirmoqda

Joriy yilning 7-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Buyuk Britaniya Davlat kotibining xalqaro savdo bo‘yicha o‘rinbosari (eksport vaziri) Mayk Frirni qabul qildi. Britaniya delegasiyasi tarkibida London Fond birjasi hamda “Standard Chartered” va “TheCityUk” moliyaviy korporatsiyalari vakillari ham bor edi.

Uchrashuv chog‘ida investisiyalar, savdo va sanoat yo‘nalishidagi O‘zbekiston-Britaniya hamkorligining hozirgi holati va uni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar o‘zaro savdo rivojidagi ijobiy tendensiyalarni mamnuniyat bilan qayd etdilar. Jumladan, 2021-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 65 foizga, O‘zbekistondan Buyuk Britaniyaga eksport hajmi esa 2,5 baravar oshdi. Bunga mamlakatimiz Birlashgan Qirollikning Preferensiyalar Bosh tizimining kengaytirilgan sxemasining (“GSP Enhanced Framework”) benefisiari maqomini olishi katta yordam berdi. Ikki tomonlama savdoning ijobiy dinamikasi 2022-yilda ham davom etmoqda. Yanvar-aprel oylarida tovar aylanmasi ko‘rsatkichi o‘tgan yildagisiga nisbatan 68 foizga, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyaga eksporti esa 2,6 baravar oshdi.

O‘zbekistonda eksportga yo‘naltirilgan qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish uchun britaniyalik investorlarni jalb qilish, shuningdek, o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar uchun «GSP Enhanced Framework» tizimining imtiyozlaridan samarali foydalanish bo‘yicha treninglar va amaliy seminarlar tashkil etishga kelishib olindi.

Shuningdek, investisiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. So‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan Britaniya korxonalari soni 40 foizga oshgani alohida ta’kidlandi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, chorvachilik, biofarmasevtika, to‘qimachilik sanoati, axborot-kommunikasiya texnologiyalari va “yashil” energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun Britaniyaning yangi kompaniyalarini jalb qilish doirasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Shu nuqtai nazardan, tomonlar joriy yilning oktyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Savdo va sanoat bo‘yicha 26-O‘zbekiston-Britaniya Kengashiga (UBTIC) tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ishlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Tadbir ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, iqtisodiy sheriklikning yangi “o‘sish nuqtalarini” belgilash hamda O‘zbekiston iqtisodiyotining istiqbolli tarmoqlariga Britaniya investisiyalari va texnologiyalarini jalb etish imkonini beradi.

Uchrashuv yakunida o‘zaro munosabatlarning ko‘rib chiqilgan har bir yo‘nalishi doirasida kelgusida hamkorlik qilish yo‘llpari belgilandi.