17 Oktyabr 2019

9 oy ichida O’zbekiston 11 milliard dollarlik mahsulot eksport qildi.

Markaziy bank tomonidan 2019 yilning 9 oyi yakuni bo‘yicha dastlabki to‘lov balansi tayyorlandi. 

Ta’kidlanishicha, to‘lov balansi tezkor ma’lumotlar va ekspertlik baholashlari asosida tuzilganligini inobatga olib, undagi ayrim ko‘rsatkichlar yakuniy ma’lumotlar bilan farq qilishi mumkin.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobi defitsiti 2018 yilning mos davriga nisbatan 50 foizga (3,1 mlrd. dollardan) kamayib, 2019 yilning 9 oyida 1,6 mlrd. dollarni tashkil qiladi.

Jahon bozorida O‘zbekistonning birja tovarlari uchun maqbul narxlar shakllanganligi tovarlar eksporti hajmini 11,1 mlrd. dollargacha o‘sishiga zamin yaratdi (o‘tgan yilning mos davrida – 7,3 mlrd. dollar). Tovarlar eksportining o‘sganligi mahsulotlarni xorijga yuklab jo‘natish hajmining oshishi bilan bir qatorda uning qiymati o‘sishi bilan ham bog‘liqdir.

Tovarlar importi o‘tgan yilning mos davriga (12,7 mlrd. dollar) nisbatan 15,6 mlrd. dollarga yetdi. Importning eng salmoqli o‘sishi (mos ravishda 21 foiz va 26 foiz) mashina va uskunalar hamda transport vositalari (jami importning 32 foizi) to‘g‘ri kelib, jami importning 13 foizini tashkil qildi. Natijada, savdo balansining salbiy saldosi 2018 yilning 9 oyiga nisbatan 17 foizga yaxshilanib, 4,5 mlrd. dollarni tashkil etdi.

Birlamchi daromadlar va transfertlarning ijobiy saldosi transchegaraviy pul o‘tkazmalarining (4,2 mlrd. dollar) mutanosib o‘sishi hisobiga 13 foizga oshdi. O‘z navbatida, norezidentlarning investitsion daromadlari (ssudalar va xorijiy investitsiyalar) 5,6 foizga o‘sib, 1,4 mlrd. dollarga yetdi.

Moliyaviy hisob (rezerv aktivlari amaliyotlaridan tashqari) dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, manfiy saldoni tashkil qilib, 5,3 mlrd. dollarga yetadi (o‘tgan yilning mos davrida 0,7 mlrd. dollar). Kapitalning sof kirimi davlat boshqaruvi sektori operatsiyalari hamda xorijiy kredit liniyalari jalb qilinishi, shuningdek O‘zbekistonning suveren obligatsiyalari joylashtirilishi bilan bog‘liq.

Zaxira aktivlari 2019 yilning 1 oktabr holatiga 27,9 mlrd. dollarni tashkil qilishi kutilmoqda va bu ko‘rsatkich O‘zbekistonning qariyb 13 oylik importini moliyalashtirish uchun yetarli (tavsiya qilingan daraja 3 oy).

O‘zbekistonning 2019 yilning 9 oylik to‘lov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzining ko‘rsatkichlarining yakuniy hisoboti TBQ6 metodologiyasiga muvofiq tuzilib, foydalanuvchilarga 2019 yilning dekabr oyi yakuniga qadar taqdim qilinadi.

Manba: Kun.uz