06 Aprel 2022

Jismoniy shaxslar to‘lov hujjatlariga STIR o‘rniga JSHSHIRni kiritadi

9 apreldan boshlab jismoniy shaxslar to‘lov hujjatlariga soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami o‘rniga JSHSHIRni ko‘rsatishlari kerak bo‘ladi.

Fuqarolar tomonidan banklarga taqdim etiladigan to‘lov hujjatlarini rasmiylashtirishga qo‘yiladigan talablarga doir normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan edi, deya xabar berdi Markaziy Bank matbuot xizmati.

Ushbu o‘zgartirishlarni 9 aprelga qadar bosqichma-bosqich, undan so‘ng to‘liq tatbiq etilishi rejalashtirilgan.

Mazkur o‘zgartirishlar amaliyotga joriy qilingandan keyin barcha to‘lov hujjatlarida to‘lovchi — jismoniy shaxslarning STIRi (soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami) o‘rniga, to‘lov hujjatining «to‘lovchining identifikatsiya raqami» deb nomlangan rekvizitida ularning JSHSHIRini (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami) ko‘rsatishi majburiy hisoblanadi.

Shu sababli, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar (shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar) to‘lovni amalga oshirish maqsadida to‘lov hujjatlarini rasmiylashtirayotganda o‘zlarining JSHSHIRlarini to‘g‘ri va to‘liq kiritishlari kerak.

Shuningdek, barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar ham to‘lov talabnomalari va inkasso topshiriqnomalarini rasmiylashtirishda kontragentlar — jismoniy shaxslarning JSHSHIRlari to‘g‘ri kiritilayotganiga e’tiborli bo‘lishlari lozim.