02 Fevral 2022

2022-yilda Toshkentga 2 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritiladi

Bu yil poytaxtimizda 738 ta loyiha bo‘yicha jami 3 milliard 800 million dollar investitsiya o‘zlashtirilishi qayd etildi. Shundan 2 milliard dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyadir. 500 ta loyiha joriy yilning o‘zida ishga tushirilib, 27 mingta yangi ish o‘rni tashkil etiladi.

Investitsiya loyihalarini mahallalar kesimida shakllantirish choralari, bu sohada 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar haqida ham axborot berildi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahrining moliyaviy, iqtisodiy imkoniyatlari kengligini, hududiy loyihalarni ko‘paytirib, har bir tumanga qo‘shimcha 100 million dollar jalb qilish mumkinligini ta’kidladi.

Tashqi savdo borasida ham “o‘sish nuqtalari” belgilab olingan. Xususan, joriy yilda Toshkent shahri eksporti 1 milliard 400 million dollar bo‘lishi kutilayotgan bo‘lsa, 2026-yilga borib bu ko‘rsatkichni 2 milliard 500 million dollarga yetkazish mo‘ljallangan.

Yirik xalqaro brendlarni jalb qilish orqali ham ichki bozor talabini qondirish, ham eksportni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.