24 Avgust 2022

Budapeshtda O‘zbekiston va Vengriya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik rejalari muhokama qilindi

O‘zbekiston Elchisi Abat Fayzullaev Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligining Sharqiy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha yangi tayinlangan Davlat kotibining o‘rinbosari Adam Stifter bilan uchrashuv o‘tkazdi va kelgusi davr uchun ikki tomonlama tadbirlarni tashkil etish masalalarini muhokama qildi, deb xabar beradi «Dunyo» axborot agentligi muxbiri.

Suhbat chog‘ida tomonlar so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Vengriya munosabatlari barcha sohalarda sezilarli darajada mustahkamlangani, pandemiya davriga qaramay, 2020-yil boshidan buyon Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyartoning O‘zbekistonga oltita tashrifi tashkil etilgani shundan dalolat berishini ta’kidladilar. Ayni paytda turli darajalarda, jumladan, eng yuqori darajada muntazam faol muloqot olib borilmoqda.

Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdagi muhim bosqichlardan biri Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning 2021-yil mart oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrifi bo‘lgani alohida ta’kidlandi. Mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar strategik sheriklikning sifat jihatidan yangi bosqichiga ko‘tarilib, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnologik, madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama aloqalar mustahkamlanmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi hamkorlikning huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida Tashqi ishlar vazirligining yuridik bo‘limlari o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkazish masalalari ham muhokama qilindi.