04 Avgust 2022

Dubayda logistika sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Dubaydagi bosh konsul Alisher Salomov “Earth.Wealth.Energy” kompaniyasi rahbari Lalit Tilani bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

«Earth.Wealth.Energy» butun dunyo bo’ylab energiya va oziq-ovqat mahsulotlarini tashish uchun logistika xizmatlariga ixtisoslashgan. Uning dunyoning 7 ta portida yuk terminallari, shuningdek, o’zining kemalar va temir yo’l sisternalari parki mavjud.

Lalit Tilani O‘zbekistonning mintaqaviy markazga aylanishga qodir davlat sifatidagi salohiyatini yuksak qadrlashini ta’kidladi. U, ayniqsa, O‘zbekiston hukumatining mamlakat iqtisodiyotining transport-logistika komponentini diversifikatsiya qilishga intilishini alohida ta’kidladi.

O‘z navbatida, Bosh konsul Alisher Salomov O‘zbekistonda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan xorijiy kompaniyalarga yaratilgan shart-sharoitlar, mamlakatimizdagi qulay sarmoyaviy muhit haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

“Earth.Wealth.Energy” kompaniyasi rahbari yaqin orada biznesni joriy etish masalasini oʻrganish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurish, shuningdek, O‘zbekistondagi faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish uchun transport va moliya vazirliklari rahbariyati bilan uchrashadi.