18 Iyun 2022

Ar-Riyodda investitsiyaviy sohadagi O‘zbekiston-Saudiya hamkorligi masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston elchisi Ulug‘bek Maqsudov Saudiya Arabistoni Milliy taraqqiyot kompaniyasi bosh direktori Nosir bin Hammad al-Jaydiy bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad kompaniya vakillarining 23-iyun kuni Toshkentga tashrifi va ular uchun O‘zbekistonning tegishli davlat idoralari va xususiy kompaniyalarida uchrashuvlar tashkil etish masalalarini muhokama qilishdan iborat.

Suhbat avvalida O‘zbekiston hukumati tomonidan keyingi yillarda barcha sohalarda, jumladan, investitsiya jalb etish, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, Saudiya tomoniga O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish yo‘lida yaratilgan shart-sharoitlar, ularning muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi.

Suhbatdoshlar O‘zbekistonda ishlash istagida bo‘lgan saudiyalik investorlar soni ortib borayotgani ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shayotganini ta’kidladilar.

Nosir al-Jaydiy, o‘z navbatida, O‘zbekistonning geografik joylashuvi xorijiy investorlar uchun juda muhim ekanini ta’kidladi. Mamlakatimiz rahbariyati tomonidan xorijiy investorlar uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlarni yuksak baholadi. Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston Saudiya Arabistonining asosiy hamkor davlatlaridan biridir.

Shuningdek, O‘zbekiston boy tarix va madaniyatga ega qadimiy mamlakat ekanini mamnuniyat bilan ta’kidladi. Bu muborak zaminda islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan musulmon olamida tan olingan buyuk alloma va mutafakkirlar yashab ijod qildilar.

Nosir Al-Jaydiy uning kompaniyasi hozirda O‘zbekiston kompaniya va korxonalari bilan sog‘liqni saqlash, tog‘-kon va kimyo sanoati, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, turizm kabi sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga katta qiziqish bildirayotganini ta’kidladi. Ayni paytda elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida hamkorlik boshlangan.

Shu munosabat bilan Saudiya Arabistonida “TanmiaUz” qo‘shma korxonasi tashkil etilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Uning soʻzlariga koʻra, qoʻshma korxona faoliyati Oʻzbekiston bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirishga yoʻnaltiriladi.

Suhbat chog‘ida saudiyalik tadbirkorga respublikamizning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan investisiya loyihalari haqida ham ma’lumot berildi.