12 Avgust 2022

Pekinda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport salohiyati namoyish etildi

«Shenzhen AllFood Expo 2022» ko‘rgazmasining ochilishiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi tomonidan mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Xitoy oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilish imkoniyatlari, ularning xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori sifati haqida atroflicha ma’lumot berildi. Xorijiy investorlar tomonidan mazkur yo‘nalishda hamkorlik qilish bo‘yicha takliflar kelib tushdi.

Xitoyning Shenchjen shahrida ochilgan «Shenzhen AllFood Expo 2022» ko‘rgazmasi 26 avgustga qadar davom etadi. Unda Fransiya, Italiya, Gretsiya, Belgiya, Janubiy Afrika, Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron, Afg‘oniston, Shri-Lanka, Bolgariya kabi dunyoning 30 dan ortiq davlatidan 1,5 mingdan ortiq eksponent o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.