26 May 2022

Toshkentda «UzCharmExpo 2022» xalqaro ko‘rgazmasi ochildi

Joriy yilning 25-may kuni Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi ko‘magida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan tashkil qilingan Markaziy Osiyodagi eng yirik ko‘rgazma tadbirlaridan biri hisoblangan “UzCharmExpo – 2022” charm – poyabzal, charm – attorlik buyumlari, mo‘yna va junning 12-Xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi o‘z ishini boshladi.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, “O‘zcharmsanoat” Uyushmasi rahbariyati, xorijiy mehmonlar, tadbirkorlar, charm-poyabzal va boshqa tarmoqlardagi ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar qatnashdi.

Mamlakatimizda xom ashyoni qayta ishlashni chuqurlashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish orqali tarmoqlarning eksport salohiyatini yuksaltirish maqsadida mahalliy sanoatni transformasiyalash bo‘yicha izchil siyosat olib borilayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekistonning charm-poyabzal sanoati barqaror o‘sish uchun ulkan salohiyatga ega bo‘lgan eng tez rivojlanayotgan tarmoqlardan biridir. Charm xom ashyoni chuqur qayta ishlash asosida ishlab chiqarilayotgan eksportbop tayyor mahsulotlar hajmi va assortimenti kengaymoqda. Mavjud ishlab chiqarish ob’ektlarining bir maromda ishlashini ta’minlash va ishlab chiqaruvchilarni yangi loyihalarni amalga oshirishga rag‘batlantirish maqsadida ushbu sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

So‘nggi 5 yil ichida sohaga kiritilgan investisiyalarning umumiy hajmi 632 million dollardan oshdi, yillik charm va poyabzal ishlab chiqarilishi 5,8 baravar ko‘paydi hamda eksport hajmi 420 million dollarga yetdi.

An’anaga ko‘ra, ekspozisiya geografiyasi Rossiya, Belorusiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Hindiston, Turkiya, Ispaniya, Pol’sha va boshqa mamlakatlarini qamrab oldi. Faxriy mehmonlar orasida Xalqaro charm ishlab chiqaruvchilar kengashi, Xalqaro mo‘yna federatsiyasi, xorijiy tarmoq assosiasiya va uyushmalari rahbarlari bor. Bu yil ko‘rgazmada ishtirok etish uchun 400 dan ortiq mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari murojjat qildi. Zamonaviy dizaynga ega ko‘rgazma pavil’onlari tarmoqlarning ulkan imkoniyatlarini o‘zida aks etadi, va, eng muhimi, mahalliy va xorijiy sanoat ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish uchun platformaga aylanmoqda.

«UzCharmExpo» o‘z ishtirokchi va mehmonlarini nafaqat turli hududlardagi sanoat korxonalarining ishlab chiqarish salohiyati bilan tanishtiradi, balki yangi munosabatlarni o‘rnatmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarni ham taklif etadi. “B2B” va “G2B” muzokaralari, bevosita muloqot va taqdimotlar formati manfaatlar kesishadigan nuqtalarni kashf etishga, yangi loyihalarni ishlab chiqishga va joylarda shartnomalar imzolashga imkon beradi, va bu shubhasiz tadbirning yakuniy natijalarida o‘z aksini topadi. Ammo hozircha «UzCharmExpo»ni 27-maygacha bo‘lgan 3 kunlik sermahsul faoliyat kutmoqda.