05 Oktyabr 2022

Toshkentda Xalqaro iqtisodiy forum bo’lib o’tdi

Joriy yilning 5-oktyabr kuni Toshkentda 6-13 oktyabr kunlari bo’lib o’tadigan dzyudo bo’yicha Jahon chempionati doirasida tashkil etilgan Xalqaro iqtisodiy forum bo’lib o’tdi.

Forumning ochilish marosimida O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer, O’zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov hamda vazirlik va idoralarning boshqa vakillari ishtirok etdi.

Bank, moliya, texnologiya va IT sohasidagi tendentsiyalar kun tartibidan asosiy o’rin egalladi. Bundan tashqari, ishtirokchilar O’zbekistonga sarmoya kiritish masalalarini muhokama qildilar.

Tadbirda, shuningdek, diplomatik vakolatxonalar, federatsiyalar, ittifoqlar, turli mamlakatlarning dzyudo bo’yicha konfederatsiyalari vakillari, xalqaro tashkilotlar va xalqaro moliya institutlari vakillari ham qatnashdi.

Jamshid Xodjayev o’z nutqida muqobil energetika kabi istiqbolli yo’nalishlar xususida so’z yuritib, O’zbekistonda 2030-yilga kelib qayta tiklanadigan energetikadan foydalanish ko’lamini qariyb 30 foizga oshirish rejalashtirilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, ishtirokchilarning e’tiborlari butun dunyoda jadal rivojlanayotgan raqamli texnologiyalarga qaratildi. Ta’kidlanishicha, bu sohada har bir mamlakatning raqobatbardoshligi innovatsiyalar va to’g’ridan-to’g’ri axborot texnologiyalarining joriy etilishiga bog’liq bo’ladi. Shuning uchun mamlakatimizning ustuvor maqsadlaridan biri bu raqamli iqtisodiyotni taraqqiyotning asosiy drayveri sifatida rivojlantirishdir.

Kelgusi besh yil ichida dasturiy mahsulotlar eksportini o’n baravar, raqamlashtirish tezligini 70 foizga oshirish, tegishli tarmoq quvvatlarini esa besh baravarga ko’paytirish rejalashtirilayotgani ta’kidlandi. Shuning natijasida, raqamli texnologiyalar tarmog’ining YaIMdagi ulushini 4 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, Forum doirasida B2B va B2G uchrashuvlari bo’lib o’tdi hamda I-Cell kompaniyasi va O’zbekiston Respublikasi Avtomobil yo’llari qo’mitasi o’rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.