25 Aprel 2022

Yaponiyaning Kumamoto shahrida 4-Osiyo-Tinch okeani suv sammiti o‘z ishini boshladi

Joriy yilning 23-aprel’ kuni Yaponiyaning Kumamoto shahrida Osiyo-Tinch okeani suv forumining eng yirik anjumani bo‘lgan Osiyo–Tinch okeani suv sammiti o‘z ishini boshladi.

Osiyo-Tinch okeani suv forumi 2006-yilda Yaponiya bosh vaziri Ryutaro Xashimoto tashabbusi bilan taraqqiyotning 8 ta ustuvor maqsadi – Ming yillik rivojlanish maqsadlariga erishish uchun suv resurslarini barqaror boshqarishni rivojlantirish uchun tashkil etilgan. Ushbu ustuvor yo‘nalishlarga jamoatchilikning toza va ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatini yaxshilash, suv infratuzilmasini takomillashtirish, daryo havzalari va suv omborlarini qayta ta’mirlash va boshqa yo‘nalishlar kiradi.

Sammitda Osiyo-Tinch okeani mintaqasining 49 mamlakatidan Davlat va hukumat rahbarlari, tegishli vazirlik rahbarlari, xususiy sektor va xalqaro jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi nomidan tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov qatnashdi.

Bu yilgi Sammitning mavzusi “Barqaror rivojlanish uchun suvni boshqarishda keyingi avlodlar uchun eng yaxshi amaliyot” bo‘ldi. Tadbir mintaqada suv xavfsizligini ta’minlash zarurati va aholining ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini hisobga olgan holda suv resurslaridan foydalanish va taqsimlash bilan bog‘liq ilg‘or tajriba bilan almashish hamda dolzarb masalalarni muhokama qilishga qaratildi.

Sammitga Osiyo-Tinch okeani suv sammiti Qo‘shma Ijroiya qo‘mitasi raisi, Osiyo-Tinch okeani suv forumi prezidenti, shuningdek Yaponiya suv forumi prezidenti Yoshiru Mari moderatorlik qildi.

Ma’lumot uchun: 2004-yilda tashkil qilingan Yaponiya suv forumi Osiyo-Tinch okeani suv forumining kotibiyati funksiyasini bajarib turadi. Uning vazifalari global suv muammolari sohasida tadqiqotlar o‘tkazish va tavsiyalar tayyorlash, Yaponiyada to‘plangan suvdan samarali foydalanish bilan bog‘liq nou-xau va texnologiyalar bilan tanishishga ko‘maklashish, shuningdek Yaponiya va xorijdagi suv resurslari yo‘nalishidagi manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Yaponiya suv forumining korporativ a’zolari Yaponiyaning 85 yetakchi kompaniyasidir. Forum suv xo‘jaligi sohasiga investisiyalarni jalb qilish va bu boradagi mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish uchun tomonlarni birlashtiruvchi maydonchadir.

Bevosita va onlayn tarzda o‘tkazilgan Sammitning ochilishida Yaponiya Imperatori Naruxito mamlakatning suv resurslaridan samarali foydalanish mexanizmlarini ilgari surish bo‘yicha tajribasi haqida so‘zladi va Yaponiyaning ushbu sohadagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha milliy ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Ochilish marosimi yakunida sammitda ishtirok etuvchi mamlakatlar delegasiyalari rahbarlarining uchrashuvlari, shuningdek, uning biznes dasturiga kiritilgan boshqa tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Sammitning muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirlaridan biri oliy darajadagi yalpi majlis bo‘lib, unda tadbir kun tartibidagi asosiy masalalar muhokama qilindi. Yig‘ilishda so‘zga chiqqan S.Umurzakov Markaziy Osiyo mintaqasida suv resurslaridan foydalanish sohasidagi mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha O‘zbekiston pozisiyasini bildirdi. Mamlakatimizda 2021-2023-yillarda suv resurslarini boshqarish va irrigasiya sohasini rivojlantirish strategiyasi, shuningdek, qishloq xo‘jaligida va mamlakat sanoat korxonalarida suvni tejaydigan texnologiyalar va yuqori texnologik tizimlarni keng miqyosda tatbiq etishni nazarda tutuvchi 2030-yilgacha Suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilgani va tasdiqlangani ta’kidlandi. Orol inqirozi bilan bog‘liq muammolar va ularni bartaraf qilish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, Sammit doirasida yosh avlod uchun platforma va qishloq xo‘jaligida suv iste’molini kamaytirish va suvdan samarali foydalanish borasida tajriba, axborot va strategiyalar almashishning samarali mexanizmini yaratish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Shu nuqtai nazardan, Orolbo‘yi mintaqasida iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, aholining hayot sifatini oshirish va Orol dengizining qurib qolishi bilan bog‘liq ekologik oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda, Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik Trast jamg‘armasining amaliy faoliyati muhimligi ta’kidlandi.

Sammitning birinchi kuni yakunlari bo‘yicha “Kumamoto Deklaratsiyasi” qabul qilindi. Ushbu hujjat jamiyatni transformasiyalash va uni hayot sifatini yaxshilashga yo‘naltirilish, investisiyalarni ko‘paytirish va inson salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek sammitda ishtirok etayotgan mamlakatlarda suv muammolarini hal qilish uchun mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish hamda mavjud resurslarni va ko‘p tomonlama hamkorlik vositalarini safarbar qilish bo‘yicha aniq takliflarni o‘z ichiga oldi.

Deklaratsiya, shuningdek, mintaqa mamlakatlarining ilmiy-texnik hamjamiyatini suv muammolarini hal qilish uchun o‘ziga xos iqlim, geografik, milliy sharoitlarni hisobga olgan holda suv xo‘jaligi sohasidagi innovasiyalarni ishlab chiqish va hayotga joriy qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.

Sammit 23 va 24-aprel’ kunlari o‘z ishini davom ettiradi. Ikki kunlik tadbir davomida bir vaqtning o‘zida 9 ta tematik mashg‘ulotlar, turli ko‘rgazmalar, shuningdek 4 ta birlashgan sessiyalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.