16 Iyun 2020

«Volkswagen Caddy» rusumli yengil tijorat avtomobillari O‘zbekistonda

Joriy yilning mart oyida «O‘zavtosanoat» AJ va «Fol’ksvagen Grup Rus» konserni o‘rtasida «Jizzax Avtomobil’ Zavodi» MChJ kompaniyasi bazasida yengil tijorat atvomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida Kelishuv imzolangan edi. Bugungi kunda 45 gektar maydonda joylashgan zavodning qurilish ishlari yakuniy bosqichida turibdi. Zavod va ofisning asosiy qismi binolari bitkazildi va foydalanish uchun tayyor.

Yengil tijorat avtomobillari ishlab chiqarish jarayonini jadallashtirish maqsadida O‘zbekistonga «Volkswagen Caddy» avtomobillarining bir qismi keltirilib, ular sertifikasiya bo‘yicha vakolatli organlarga iqlim sinovlarb va omologasiya bo‘yicha maxsus tekshiruvlardan o‘tkazish uchun topshirildi. Hozirda «O‘zstandart» agentligi tomonidan sertifikasiyalash va transport vositalarining amaldagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlash, jumladan sertifikasiyalovchi organ tomonidan nazorat iqlim tekshiruvlari va Umumiy texnik reglament talablariga binoan boshqa sinovlarni o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda.

Bir vaqtning o‘zida «Jizzax Avto» MChJ tomonidan «Fol’ksvagen» dilerlik tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida respublika hududlaridagi qator dilerlik korxonalar hamkorlik qilish uchun tanlab olindi. Shuni ta’kidlash joizki, “Volkswagen Caddy” rusumli avtomobillar savdosi shu yilning iyul’ oyidan boshlanishi rejalashtirilmoqda.

«Har bir diler korxonalarining loyihalari alohida, «Fol’ksvagen» mijozlarining avtosalon hududi bo‘ylab qulay harakatlanishiga yo‘naltirilgan kompaniyaning konsepsiyasiga muvofiq tasdiqlandi. Hozirda «Fol’ksvagen» standartlariga muvofiq yangi dilerlik markazlarini qurish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, ularning barchasi xaridorlarga sifatli servis xizmatini ko‘rsatish uchun zamonaviy jihozlar bilan jihozlanadi», –  kayd etib o‘tdi – «Jizzax Avto» bosh direktori Oybek Ayubov.