15 Aprel 2022

O‘zbek-qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasi ishga tushdi

Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi hukumat delegasiyasining Qirg‘iziston Respublikasiga tashrifi doirasida O‘zbek-qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Qirg‘iziston tomonidan Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari A.Japarov ishtirok etdi.

Jamg‘arma faoliyatining ustuvor vazifasi qishloq xo‘jaligi, sanoat, transport va logistika sohalarida qo‘shma korxonalarni tashkil etishga qaratilgan investisiya loyihalarini moliyalashtirishdir. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi ikki mamlakat iqtisodiyotlarining raqobatbardosh ustunliklaridan foydalangan holda o‘zbek va qirg‘iz ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va o‘zaro bog‘liq qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratishga yordam beradi.

Jamg‘arma nafaqat o‘z mablag‘lari hisobidan, balki boshqa tijorat manbalarini – xalqaro moliya institutlari, tijorat banklari, investisiya kompaniyalari va jamg‘armalarni jalb qilish orqali moliyalashtirish vositasi sifatida faoliyat yuritadi.

Agrosanoat majmuasi, to‘qimachilik, ishlab chiqarish, tog‘-kon va metallurgiya sanoati, transport, uy-joy qurilishi va energetika o‘zbek-qirg‘iz investisiyaviy hamkorligini yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari hisoblanadi.

Ochilish marosimi ishtirokchilari yaqin kelajakda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish uchun loyiha tashabbuslari ro‘yxatini shakllantirish va kelishishga, ularni amalga oshirishning bosqichma-bosqich mexanizmlarini ishlab chiqishga, aniq muddatlar va mas’ul ijrochilarni belgilashga kelishib oldilar.

Ma’lumot uchun: O‘zbek-qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, ikki mamlakat iqtisodiyotini modernizasiya qilish va rivojlantirish, shuningdek, o‘zaro manfaatli ustuvor investisiya loyihalarini moliyalashtirish orqali ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida tashkil etilgan. Tegishli bitim ikkala ishtirokchi davlat tomonidan 2021-yil avgust (Qirg‘iziston) va noyabr’ (O‘zbekiston) oylarida ratifikasiya qilindi.